Nukus shahrida “Ekojurnalistika sohasida multimedia vositalaridan foydalanish asoslari” mavzuida ommaviy axborot vositalari xodimlari uchun seminar-trening o‘tkazildi.
Seminar O‘zbekiston Respublikasi zamonaviy jurnalistikani rivojlantirish markazi hamda Germaniya Federativ Respublikasi demokratiya, ommaviy axborot vositalari va madaniy aloqalar instituti bilan hamkorlikda tashkil qilindi. Unda Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlardan 20 nafarga yaqin jurnalist va bloger qatnashdi.
Olti kun davomida o‘tkazilgan seminar-trening doirasida ishtirokchilarga tajribali trenerlar tomonidan “Zamonaviy medialar qanaqa kontent yaratmoqda?”, “Sifatli material tayyorlash uchun nimalar zarur?”, “To‘rt chelak” konsepsiyasi” kabi mavzular bo‘yicha mashg‘ulotlar olib borildi.
Shuningdek, jurnalistlarni Orolbo‘yi hududi tabiati, tarixiy-arxeologik yodgorliklari bilan yaqindan tanishtirish maqsadida media-tur tashkil etildi.
– Men Qoraqalpog‘istonga ilk bor kelishim, — deydi seminar-trening ishtirokchisi surxondaryolik yosh bloger Mastura Hamroyeva. – Tadbir barcha ishtirokchilarda yaxshi taassurot qoldirdi. Tajribali trenerlardan ekojurnalistika sohasida materiallar tayyorlash bo‘yicha ko‘p narsalarni o‘rgandik. Asosiysi, Orol dengizining bugungi holatini ko‘rish imkoniga ega bo‘ldik. Shuningdek, Qoraqalpog‘istoning turizm sohasidagi salohiyati, hududdagi Chilpiq, Jampiq qal’a, Tuproq qal’a, Ayoz qal’a kabi tarixiy yodgorliklar hamda qoraqalpoq xalqining milliy an’analari bilan yaqindan tanishdik.
Seminar-trening so‘ngida ishtirokchilarga maxsus sertifikatlar topshirildi.
Maqsad HABIBULLAEV (surat), O‘zA