Prezident Shavkat Mirziyoyev bugungi videoselektor yig‘ilishida hududlarga ajratilayotgan kredit va byudjet mablag‘larini maqsadsiz ishlatish, talon-toroj qilish, korrupsiya holatlariga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha viloyat hokimlarini yana bir bor ogohlantirdi.
Bosh prokuror N.Yo‘ldoshev, ichki ishlar vaziri P.Bobojonov, Korrupsiyaga qarshi kurash agentligi direktori A.Burhonov, Bosh prokuratura departamenti (Dilshod Rahimov)ga ajratiladigan mablag‘larning har bir so‘mini samarali va maqsadli ishlatilishi ustidan doimiy va ta’sirchan nazorat o‘rnatish topshirig‘i berildi.
– Pulni berishdan oldin, nazorat tizimini qilamiz. Andisha qilish davri tugadi. Hamma birdek – qonun ustuvor, jazo muqarrar, – dedi Prezident.
Yig‘ilishda har bir vazirlik va idora rahbari o‘zi mas’ul bo‘lgan sohada aholiga xizmatlar ko‘rsatish borasidagi munosabat va yondashuvlarini mutlaqo o‘zgartirishi shartligi ta’kidlandi.
Vazirlar o‘z sohasida xususiy sektor faoliyati uchun qonunchilik bazasini yaratishi va ruxsat berish talablarini soddalashtirishi, yangi xizmat turlarini joriy etish uchun tadbirkorlikka yo‘l ochishi zarurligi qayd etildi. Bunda qayerda davlat korxonasi, qaysi faoliyat bo‘yicha davlat-xususiy sheriklik yoki xususiy sektor faoliyat yuritishining qoidalari aniq va lo‘nda qilib belgilanishi lozimligi ko‘rsatib o‘tildi.
Davlatimiz rahbari keyingi 2 yilda 6 mingga yaqin ko‘p qavatli uylar barpo etilgani, hududlarda hatto 25-30 qavatli uylar qurilayotganini ta’kidladi. Lekin bu uylarning ekspluatatsiyasi va uy-joy massivlarida xizmatlarni rivojlantirish bilan shug‘ullanadigan aniq shaxslar yo‘qligi qayd etildi.
Uy-joy, kommunal xizmat ko‘rsatish vaziri Sherzod Hidoyatovga viloyat hokimlari bilan birga, joriy yilda boshqaruv kompaniyalarini tashkil etish orqali ko‘p qavatli uylarga xizmatlar ko‘rsatish hajmini kamida 3 baravarga oshirib, 1,5 trillion so‘mga yetkazish bo‘yicha topshiriq berildi (o‘tgan yili 513 milliard so‘m).
Yig‘ilishda Sherzod Hidoyatov ushbu ishlarni joylarda davlat xususiy sherikchilik asosida qanday tashkil etishi bo‘yicha axborot berdi.
O‘zA