Ayni paytda xizmat ko‘rsatish sohasini rivojlantirish bo‘yicha joriy yilgi ustuvor vazifalarga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi davom etmoqda.
Prezident tadbirkorlar bilan uchrashuvlar, ularning murojaatlari xizmatlar sohasida yangi loyihalarni amalga oshirish, zamonaviy xizmat turlarini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha tashabbus va talab o‘ta yuqoriligini ko‘rsatayotganini ta’kidladi.
Shu bois, Bosh vazir o‘rinbosarlari – J.Qo‘chqorovga o‘ziga biriktirilgan Namangan, Qashqadaryo, Samarqand, Sirdaryo, Farg‘ona, Toshkent viloyatlari, S.Umurzoqovga – Qoraqalpog‘iston, Andijon, Buxoro, Jizzax, Navoiy, Xorazm, Surxondaryoda viloyat, tuman va shahar hokimlari bilan birga har bir mahalla, tuman va shaharda xizmatlar hajmini 3-5 baravarga oshirish bo‘yicha oyma-oy rejalarini tasdiqlab, ijrosini tashkil etish va nazoratga olish bo‘yicha topshiriq berildi.
Milliy bank raisi A.Mirsoatov har bir hududning o‘ziga xosligidan kelib chiqib, xizmatlarni kengaytirish, yangi xizmat turlarini yo‘lga qo‘yish, ilg‘or tajribalar va namunaviy loyihalarni joriy etish bo‘yicha yangi metodologiyani yaratishga mas’ul etib belgilandi.
Buning uchun Milliy bank qoshida xizmatlarni rivojlantirish bo‘yicha loyiha-tahliliy markazi tashkil etiladi va barcha viloyatlardagi filiallarida uning bo‘limlari ochiladi.
Ushbu markazda vazirliklar, viloyat, tuman va shahar hokimlari bilan birga, yangi metodologiya asosida loyiha tashabbuskorlariga namunaviy tayyor biznes loyihalarini taqdim etish bilan birga, ularni kasbga o‘qitishdan biznesini yo‘lga qo‘yishgacha bo‘lgan “kompleks xizmatlar” ko‘rsatishni tashkil etish vazifasi qo‘yildi.
Bunda quyidagi yo‘nalishlarga alohida e’tibor qaratish zarur.
Birinchidan, viloyat, tuman va shahar hokimlari joriy yilda xizmatlar sohasida 59 trillion so‘mlik 42 mingta yangi loyihani amalga oshirish, 150 mingta yangi doimiy ish o‘rni yaratish bo‘yicha o‘z rejalarini belgilagan.
– Hokimlarning belgilagan rejalarini o‘zim birma-bir ko‘rib chiqdim.Ularning o‘ziga olgan marralari ushbu hududlar salohiyatidan ancha past. Misol uchun, Jizzax bor-yo‘g‘i 718 milliard so‘mlik loyihalarni shakllantirgan. Shu bilan birga, Qashqadaryo 1,6 trillion so‘mlik loyihalar amalga oshirishni belgilagan bo‘lib, bu aholisi qariyb 3 baravar kam bo‘lgan Sirdaryo rejasidan (2,1 trillion so‘m) 25 foizga past, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Yig‘ilishda xizmatlar hajmi ancha past bo‘lgan Oltinsoy va Shahrisabz tumanlari (o‘rtacha 2 million so‘mdan) hokimlarining takliflari mutlaqo qoniqarsiz ekani qayd etildi. Oltinsoy tumanida atigi 107 ta (54 milliard so‘m) va Shahrisabz tumanida 64 ta (91 milliard so‘m) loyihalarni amalga oshirish belgilangan.
Chirchiq shahar hokimi mehmonxona, restoran, akvapark, kinoteatr, sport va boshqa ko‘ngilochar ob’ektlar tashkil qilish orqali jami xizmatlar hajmini kamida 3 trillion so‘mga yetkazishi kerakligi ko‘rsatib o‘tildi (hozirda 1,4 trillion so‘m).
Videoselektorda Chirchiq shahar hokimi Sanjar Yusupov xizmatlar hajmini 5 baravargacha oshirish bo‘yicha o‘z rejalarini tushuntirdi.
O‘zA