Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida bugun, 22 aprel kuni hududlarda xizmat ko‘rsatish sohasini rivojlantirish bo‘yicha joriy yilda amalga oshiriladigan ustuvor vazifalar yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazilmoqda.

Davlat rahbari hozirgi tahlikali zamonda O‘zbekistonning o‘rni qanday bo‘ladi, degan savol har bir kishini o‘ylantirishi, mamlakatimizda iqtisodiyotni barqaror qilish uchun katta-katta mablag‘lar sarflanayotgan bir paytda, hokimlar ajratilgan pullarni to‘g‘ri va oqilona sarflash ustida bosh qotirishi lozimligini ta’kidladi.

– Afsuski, shuncha talabchanlikka qaramay, hokimlar ajratilgan pullarni talon-toroj qilishga yo‘l qo‘yib berayapti. Kuni kecha Samarqandga borganda ko‘rdik, birgina viloyatda 174 ming odam ishsiz. Bu nima degani? Odamlarga imkoniyat yaratish, yengillik berish bo‘yicha juda katta harakatlar qilayapmiz. Ammo ayrim hokimlar ajratilgan pullarni to‘g‘ri ishlatishni joy-joyiga qo‘ya olmayapti. Odamlarga manfaati bo‘lmagan joylarga davlat pulini yo‘qotish – xiyonat, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Prezident hokimlarda joylarda loyihalarni ishga tushirish bo‘yicha tasavvur yetishmasligi, odamlarni ish bilan ta’minlashda natija pastligini tanqid qildi.

– Odamlarni har bir sohada ilm, bilimli qilmoqchimiz. Kecha kim edigu bugun kim bo‘ldik, degan savolni o‘zimizga beraylik. Shuning uchun bugun so‘zga chiqqan har bir hokim aniq yo‘nalishlar bo‘yicha hisobot berishi kerak. 27 yil davomida yo‘l qo‘yilgan qoloqlikdan qutulish uchun hunarimiz, bilimimiz, tajribamiz kam, imkoniyatimiz cheklangan. Bugun dunyoqarashingizni o‘zgartirib, aravani tortmasangiz o‘rningizga boshqa, yosh, bilimli yigitlarni olib kelishga majbur bo‘laman, – dedi Prezident.

 

O‘zA