Nukusda O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligiga qarashli akademik litseylar o‘quvchilari o‘rtasida «Jaloliddin Manguberdi avlodlari» spartakiadasi boshlandi.
Tadbirning ochilish marosimida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ichki ishlar vaziri A.Temirxanov, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi qo‘mita raisi Z.Reymova, O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari S.Abduqodirov, O‘zbekiston Respublikasi yoshlar ishlari agentligi Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasi boshlig‘i, senator A.Daniyarov davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan mamlakatimiz tinchligini saqlash, aholi farovonligini ta’minlash yo‘lida fidoyilik ko‘rsatgan ajdodlarimizning ismlarini abadiylashtirish, ularning mardlik ishlarini yoshlarimiz o‘rtasida keng targ‘ib qilish, shu orqali yosh avlodni ona Vatanga sadoqat, milliy qadriyatlarimizga hurmat ruhida tarbiyalash borasida amalga oshirilayotgan ishlarga to‘xtaldi.
Shulardan biri Jaloliddin Manguberdi yoshligidan harbiy muhitda voyaga yetib, jangovarlikni mohir egallagan, ona diyorimiz, xalqimizni tashqi kuchlardan himoya qilgan milliy qahramon bo‘lib yetishdi. Mazkur spartakiadani o‘tkazishdan asosiy maqsad, ozodlik yo‘lida ota-bobolarimizning jasurligini yoshlarimiz ongiga singdirish, ularni vatanimizni ko‘z qorachig‘idek himoya qiladigan insonlar qilib voyaga yetkazish hisoblanadi. Musobaqa ishtirokchilari orasidan ham mardlar yetishib chiqishiga ishonch bildirildi va ularga omad tilandi.
Uch kun davom etadigan musobaqa ishtirokchilari ko‘pkurash, yengil atletika va mini futbol bo‘yicha bahslashadi.
Unda o‘quvchilarning ko‘rgazmali chiqishlari, O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi ashula va raqs ansambli a’zolari, Qoraqalpog‘iston san’at ustalarining konsert dasturi namoyish etildi.
Shu kunning o‘zida Nukus shahridagi markaziy «Turon» o‘yingohida, Olimpia va milliy sport turlari bo‘yicha Nukus oliy mahorat sport maktabi o‘yingohida musobaqalarga start berildi.
Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA