19 aprel kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida ikkinchi toifaga talabgor pedagog kadrlar uchun malaka (test) sinovlari boshlandi. Sinovlarni matematika fani o‘qituvchilari boshlab berishdi.
Bugun hududlarda informatika, rus tili (milliy maktablarda), rus tili va adabiyoti, qozoq tili va adabiyoti, tojik tili va adabiyoti, turkman tili va adabiyoti hamda qirg‘iz tili va adabiyoti fani o‘qituvchilari malaka (test) sinovlarida ishtirok etishadi.
Jarayonlar barcha qulaylik, shart-sharoitlar yaratilgan, shuningdek, zamonaviy axborot kommunikatsiya texnologiyalari vositalari bilan ta’minlangan binolarda onlayn tarzda tashkil etilgan.
Ta’kidlash joizki, pedagoglar salomatligini saqlash maqsadida sinovlar sanitariya-gigiyena talablariga qat’iy amal qilgan holda olib borilmoqda.
Jarayonlardagi shaffoflikni ta’minlash maqsadida mahalliy deputatlar, huquqni muhofaza qilish organlari xodimlari hamda keng jamoatchilik vakillari taklif etilgan. Sinovlarga kiruvchi har bir talabgor ichki ishlar va milliy gvardiya xodimlari tomonidan tekshirilmoqda. Bundan tashqari, jarayonlar nazoratchilardan tashqari, kuzatuv kameralari orqali ham yozib olinmoqda.
Shu bilan birgalikda, pedagoglar o‘zlari qayd etgan natijalarni jarayon yakunlangan zahoti bilib olishmoqda.
Eslatib o‘tamiz: ikkinchi malaka toifasiga talabgor pedagog kadr baholash mezonlarining har biridan 60 foiz va undan yuqori ko‘rsatkich qayd etsa, ikkinchi malaka toifasi beriladi. 59 foizdan 55 foizgacha ko‘rsatkichga ega bo‘lsa sinovlardan o‘tgan hisoblanadi va mutaxassis toifasini saqlab qoladi.
Fayzullo Yahyoyev, O‘zA