Niderlandiya hukumati tomonidan pandemiya tufayli joriy qilingan komendantlik soati aholi noroziligiga sabab bo‘lyapti. Namoyish davom etayotgan bo‘lsa-da, hali komendantlik tartibi bekor qilinmasligi aytilyapti.

Rotterdam va boshqa yirik shaharlarda do‘konlar talon-taroj qilindi. Xabarlarga ko‘ra, 180dan ortiq kishi hibsga olingan. Gollandiya politsiyasi tartibsizlikning namoyishga hech qanday aloqasi yo‘qligini va bu jinoiy zo‘ravonlik ekanini ma’lum qildi.

Virus tarqalishi oldini olish maqsadida ayni payt soat 21:00-4:30 oralig‘ida komendantlik soati belgilangan. Qoidani buzgan shaxs 95 yevro miqdorida jarimaga tortiladi.

Jons Xopkins unversiteti ma’lumotiga ko‘ra, Gollandiyada epidemiya boshlangandan buyon virus yuqtirib olganlar millonga yaqinlashgan, o‘lim holati 13 yarim mingdan oshgan.

Kecha politsiyachilar namoyishchilar bilan to‘qnashdi. Mahkama bayonotiga ko‘ra, Rotterdam janubida yuz bergan jiddiy tartibsizlik oqibatida 10 nafar zobit jabrlangan. Tartibsizlikni, asosan, yosh yigitlar tashkil qilgani aytilmoqda. Hukumat ota-onalardan farzandlarini tashqariga chiqarmaslikni so‘ragan.

Shaharlarda tartibsiz harakat ko‘lami kengaymoqda. Hodisaga ijtimoiy tarmoqdagi ochiq yoki yashirin da’vat va ba’zi siyosatchilar tomonidan tarqatilgan noto‘g‘ri ma’lumot sabab bo‘lishi mumkin, deya taxmin qilinyapti. Ko‘pchilik favqulodda holat eng yuqori darajaga yetishidan qo‘rqyapti. Zero, Gollandiyada cheklov tartibi tobora kuchaymoqda. Qolaversa, ayrim qo‘shni davlatlar qoidalarni yumshatgan.

O‘zA