O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida X.Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertizasi markazi tomonidan brifing tashkil etildi.
Markaz axborot xizmati rahbari Saidillaxo‘ja Saidxo‘jayev ishtirokida bo‘lib o‘tgan brifingda ekspertiza tadqiqotlari yuzasidan ma’lumot berildi.
Ta’kidlanishicha, huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlariga soxta imzo yuzasidan ariza bilan murojaat qilinsa, ularning qarori va ajrimi bilan sud xatshunoslik ekspertizasi o‘tkaziladi va imzo qaysi shaxs tomonidan qo‘yilgani haqida xulosa beriladi.
Shuningdek, shaxsni tasdiqlovchi hujjat bilan ushbu qaydnomalar nusxasi va shaxsan asl imzo mavjud hujjatlar bilan Markazga tashrif buyurib, pullik xizmat asosida mutaxassis fikrini ham olish mumkin.
Brifingda tug‘ilmagan bolada DNK tahlilini o‘tkazish tartibi bo‘yicha ham ma’lumot berildi.
Bu kabi holatlarda homiladan namuna olish zarur. Ushbu jarayonda bola tushib qolish xavfi yuqori bo‘lgani sababli amaliyotimizda bu qo‘llanilmaydi. Ayrim chet el laboratoriyalarida tug‘ilmagan bolaning «fetal DNK»si onaning qonidan ajratib olib, tahlil qilinadi.
Ammo ushbu usul uchun maxsus, juda qimmat uskuna va reagentlar talab qilingani, tahlilning tannarxi juda qimmatga aylanishi, shuningdek, amaliyotda bu yo‘nalishdagi tahlilga ko‘p ham ehtiyoj yo‘qligi bois, bu turdagi tahlil o‘tkazilmaydi.
Telefon orqali bo‘lgan suhbatlar yozib olingan fonogrammalarda yoki messenjerlar orqali yuborilgan ovozli xabarlarda ham ushbu suhbat vaqti yoki xabar yuborilgan vaqtni aniqlashning imkoni bor. Bunday hollarda elektroakustik montaj belgilari bor yoki yo‘qligi to‘g‘risida tadqiqotlar o‘tkazilib, ekspertlar tomonidan tegishli ekspert xulosasi yoki mutaxassis fikri beriladi.
Shuni inobatga olish lozimki, audio-videoyozuvning yozilgan vaqti nisbiy hisoblanadi va vaqtni aniq fakt sifatida qabul qilish noto‘g‘ri bo‘ladi. Chunki audio-videoyozuv yozilgan vaqt ushbu yozuvlar amalga oshirilgan qurilmadagi vaqtni ko‘rsatadi.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA