O‘zbekiston Respublikasida koronavirusga qarshi vaksinani joriy etish bo‘yicha tizimli chora-tadbirlar amalga oshirib kelinmoqda.
Mamlakatimizda koronavirus infeksiyasiga qarshi kompleks profilaktik va epidemiyaga qarshi tadbirlarning o‘z vaqtida maqsadli amalga oshirilishi natijasida kasallikka chalinganlar soni nisbatan kamayishi kuzatilmoqda. Jumladan, koronavirus infeksiyasi qayd etilganlar soni joriy yilning 27 yanvar holatiga ko‘ra, 78 ming 510 nafarni tashkil etib, ulardan 98 foizi (76 997 nafar) tuzalib, oilasi davrasiga qaytgan. Ayni paytda tibbiyot muassasalarida 892 bemordan 158 nafari og‘ir, 32 nafari esa o‘ta og‘ir va 702 nafari yengil shaklda davolanmoqda.
Barchamizga ma’lumki, yuqumli kasalliklar tarqalishining oldini olish bo‘yicha eng samarali yo‘l bu immunizatsiya tadbirlari, ya’ni sog‘lom insonlarni ushbu kasallikka qarshi emlashdir.
COVID-19 infeksiyasi bo‘yicha jahon tibbiyotidagi izlanishlar, kasallik profilaktikasi, muloqotda bo‘lgan shaxslarni kuzatish, kasallikning laborator tashxisoti va sifat nazoratini o‘rganib borib, O‘zbekistonda ham SOVID-19 infeksiyasi bo‘yicha Xitoy Xalq Respublikasi va Rossiya Federatsiyasi bilan hamkorlikda tegishli tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Koronavirus kasalligiga qarshi emlash jarayonini puxta rejalashtirish va tibbiyot xodimlarini maxsus “Xavfsiz immunizatsiya” shartlari bo‘yicha tayyorgarlikdan o‘tkazish bo‘yicha chora-tadbirlar ishlab chiqildi va vaksinatorlar ro‘yxati shakllantirildi. 2021 yilning 1 fevralidan tibbiyot xodimlarini ommaviy emlash jarayonlariga tayyorlash bo‘yicha bilim saviyalarini oshirishga qaratilgan trening va seminar mashg‘ulotlari o‘tkazilishi rejalashtirildi.
Xitoyning “Ayhui Zhifei Longcom Biopharmaceutical” kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilgan yangi koronavirus rekombinant vaksinasi xavfsizligi va COVID-19 infeksiyasining oldini olishdagi samaradorligini aniqlash maqsadida III faza klinik tadqiqotlari o‘tkazilishi rejalashtirilgan bo‘lib, 5000 nafar ko‘ngilli orasida immunizatsiya tadbirlari o‘tkazilishi uchun vaksina olib kelingan. Respublikaga 8 nafar xitoylik mutaxassis tashrif buyurgan, bugungi kunda Innovatsion rivojlanish vazirligi bilan hamkorlikda 3-faza klinik bosqichi o‘tkazilmoqda.
Ko‘ngillilarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish ishlari 2020 yilning 12 dekabridan boshlangan bo‘lib, 2021 yil 27 yanvarga qadar 9 ming 583 nafar ko‘ngilli tibbiy ko‘rik va suhbatdan o‘tkazildi.
4 ming 617 nafar ko‘ngillida vaksinatsiyaning 3-klinik sinov bosqichlari amalga oshirildi.
Koronavirus infeksiyasiga qarshi kurashish, aholi salomatligini saqlash, barqaror sanitariya-epidemiologik holatni ta’minlash va xalqaro tajriba almashish maqsadida 2020 yilning 17-18 dekabr kunlari “COVID-19, joriy yilning 21 yanvar kuni “Nimalarni bilamiz va qanday harakat qilish kerak? O‘zbekiston va xalqaro tajriba va koronavirusga qarshi ishlatilayotgan vaksinalar” mavzusida xalqaro onlayn ilmiy-amaliy anjuman o‘tkazildi.
Tadbir Sog‘liqni saqlash, Innovatsion rivojlanish vazirliklari, Virusologiya ilmiy tekshirish instituti, Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati, Toshkent vrachlar malakasini oshirish instituti tomonidan tashkil etildi. Xalqaro onlayn ilmiy-amaliy anjumanda Janubiy Koreya, Italiya, AQSH va Rossiya hamda mamlakatimiz yetakchi olimlari, shifokorlar qatnashdi.
Xorijiy davlatlar bilan turli o‘zaro qatnovlar nazoratini kuchaytirish va koronavirus infeksiyasi tarqalishi jadallashayotgan davlatlardan kelayotgan fuqarolarni koronavirus infeksiyasiga tekshirish, manfiy natija bergan holda ham 14 kunlik karantin kuzatuviga olinishi kabi profilaktik tadbirlar davom ettirilmoqda.
Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik
va jamoat salomatligi xizmati