Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 27 yanvar kuni yoshlar bandligini ta’minlash va bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish chora-tadbirlari muhokamasi yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.

Yoshlar bandligini ta’minlash omillaridan biri ularni talab etilayotgan kasb bo‘yicha ixtisoslashtirishdir. Yig‘ilishda shu paytgacha ishsiz aholi va bo‘sh ish o‘rinlari o‘zaro uyg‘unlikda ko‘rib chiqilmagani tanqid qilindi.

Masalan, Toshkent shahrida 26 ming yosh ishsiz. Ayni paytda bu yerda 77 mingta vakant bor, shundan 45 mingtasiga oliy ma’lumot talab etilmaydi. Davlatimiz rahbari yoshlarni kasbga o‘qitish orqali malaka toifasini berib, shunday vakant o‘rinlarga joylashtirish mumkinligini ta’kidladi.

O‘zbekiston Prezidentining 2020 yil 13 oktyabrdagi “Aholini tadbirkorlikka jalb qilish tizimini takomillashtirish va tadbirkorlikni rivojlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, diplomi yo‘q, lekin amaliy ko‘nikmasi bo‘lgan ishsiz yoshlarni, malakani baholash markazlarida o‘qitib, sertifikat berish tizimi joriy etildi.

Shundan kelib chiqib, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligiga “Ishga marhamat” monomarkazlarida, shuningdek, qator oliy ta’lim muassasalari va yirik sanot tarmoqlarida malakani baholash markazlari tashkil etish vazifasi qo‘yildi. Bu orqali joriy yilning o‘zida 30 ming yigit-qizga malaka sertifikati berib, ularning bandligini ta’minlash mumkinligi aytildi.

Tadbirkorligini boshlamoqchi bo‘lgan yoshlarning mini-texnologiya va uskunalar xarid qilishi uchun subsidiya ajratish, kredit olishda sug‘urta to‘lovi bo‘yicha ko‘maklashish yuzasidan topshiriqlar berildi.

Bandlikni ta’minlashda eng katta zaxiralardan biri dehqonchilik qilish uchun yer ajratishdir. Lekin, o‘tgan yili bu borada murojaat qilgan 14 ming nafar yoshdan atigi 3 mingiga yer berilgan, xolos.

Bosh vazir o‘rinbosariga joylarda har 10 gektar ekin yeridan 1 gektarini yoshlarga dehqonchilik uchun ajratish tartibini joriy etish vazifasi topshirildi.

Shuningdek, quduqlar qazib, zaxira yerlarni yoshlarga foydalanish uchun berish, tomorqada limonchilik, parrandachilik, quyonchilik, asalarichilik qilishlari uchun kreditlar ajratish yuzasidan ko‘rsatmalar berildi.

Yig‘ilishda yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, qobiliyatini yuzaga chiqarishi uchun zarur sharoitlar yaratish masalalari ham muhokama qilindi.

Musiqa va san’at maktablari, madaniyat markazlari,  muzeylar qurish hamda ta’mirlash orqali ularda yoshlar qamrovini 30 foizga yetkazish maqsadi belgilandi. Bunga, joriy yilda byudjetdan 150 milliard so‘m ajratiladi.

Chekka hududlardagi maktablarda namunaviy to‘garaklar tashkil etish, yoshlarni ajdodlarimizning boy madaniy merosi bilan yaqindan tanishtirish, ular o‘rtasida ichki turizmni rivojlantirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Joriy yilda sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib etib, sport bilan shug‘ullanuvchi aholi sonini 25 foizga, yoshlar qamrovini 20 foizga yetkazish maqsad qilingan. Bolalar bog‘chasi va maktablarni sport anjomlari bilan jihozlash uchun byudjetdan 100 milliard so‘m ajratilgan.

Mutasaddi vazirliklarga maktablarda 20 mingta sport to‘garagini tashkil etish, sport federatsiyalarini, xalqaro musobaqalar g‘oliblarini maktablarga biriktirib, yoshlarni professional sportga jalb qilish yuzasidan vazifalar qo‘yildi.

Hozirgi yoshlarning zamonaviy texnologiyalarga qiziqishi yuqori. O‘tgan yili IT-parkning 5 ta filiali va Raqamli texnologiyalar o‘quv markazlarida 10 mingdan ortiq yoshlar saboq olgan.

Bu qamrovni kengaytirish maqsadida har bir tumanda kamida bittadan maktabda IT-to‘garagi ochish, yana 100 ta Raqamli texnologiyalar o‘quv markazi tashkil etib, 20 ming yigit-qizni dasturlash va axborot texnologiyalari sohasida tadbirkorlikka o‘qitish muhimligi ta’kidlandi.

Yig‘ilishda yoshlarning ijtimoiy masalalariga ham alohida e’tibor qaratildi. bugungi kunda 129 ta oliy o‘quv yurtida 500 mingdan ortiq talaba o‘qiyotgani, lekin ular yotoqxona bilan yetarlicha ta’minlanmagani ko‘rsatib o‘tildi. Mutasaddilarga talabalar uylarini ko‘paytirish bo‘yicha topshiriq berildi.

Davlatimiz rahbari iqtidorli yoshlarni kashf qilish, ularning tashabbus va intilishlarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash maqsadida “O‘zbekiston uchun 100 g‘oya” loyihasini ilgari surdi. Loyiha doirasida shahar va qishloqlardagi tashabbuskor yoshlarning iqtisodiyot, ta’lim, sport, sog‘liqni saqlash, axborot texnologiyalari kabi sohalardagi g‘oyalarini ro‘yobga chiqarish uchun sharoit yaratiladi.

Yoshlar ishlari agentligining viloyat va tuman xodimlari oylik maoshini oshirish bo‘yicha ham taklif bildirildi.

Bundan buyon viloyat, shahar va tuman sektor rahbarlari mahalliy matbuot va ijtimoiy tarmoqlar orqali yoshlarning muammo va masalalari yuzasidan qilgan ishlari to‘g‘risida aholiga hisobot berib borishi belgilandi. Yoshlar bandligini ta’minlashda jonbozlik ko‘rsatgan tadbirkorlar, tashkilotchi va rahbarlar rag‘batlantirilishi ta’kidlandi.

Yig‘ilishda Bosh vazir o‘rinbosarlari, vazirlar va hokimlar belgilangan vazifalar ijrosini tashkil etish bo‘yicha axborot berdi.