Nurafshon shahrida o‘tkazilgan Xalq deputatlari Toshkent viloyati Kengashining navbatdagi sessiyasida 7 ta masala ko‘rib chiqildi.

Tanqidiy-tahliliy ruhda o‘tgan yig‘ilishda dastlab viloyat davlat soliq boshqarmasi mas’ullarining o‘tgan yilda amalga oshirilgan ishlar va 2021 yildagi ustuvor vazifalar yuzasidan hisoboti tinglandi. Xususan, Toshkent viloyati davlat soliq boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Akmal Tillayev 2020 yil uchun mahalliy byudjetga tushumlarning bajarilishi, bunda tuman va shaharlar, soha va tarmoqlar tutgan salmog‘i bo‘yicha axborot berdi.

Ma’lum qilinishicha, viloyatda 2021 yil 1 yanvar holatiga ko‘ra, faoliyat yuritayotgan soliq to‘lovchi yuridik shaxslar 45 ming 395 nafarni, yakka tartibdagi tadbirkorlar 18 ming 550 nafarni tashkil etadi. O‘tgan yil uchun byudjet (kontingent) daromadlariga belgilangan 3 trillion 94 milliard so‘m prognoz amalda 100 foizdan oshirib bajarilib, 192 milliard 800 million so‘m qo‘shimcha tushum ta’minlangan. Mahalliy byudjetga 2 trillion 161 milliard so‘m tushum tushishi ta’minlanib, yillik reja 112 foizga yetkazilgan. Shu tariqa mahalliy byudjetlar ixtiyorida jami 240 milliard so‘m qo‘shimcha mablag‘ qoldirildi. Nolegal tarzda ishlayotgan 72 ming 928 nafar fuqaroning ish faoliyati yil davomida legallashtirildi. Mazkur tadbir natijasida, jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘iga yana 45 milliard so‘m qo‘shildi.

Sessiyada Xalq deputatlari Toshkent viloyati kengashini tashkil etish to‘g‘risidagi qaror loyihasi muhokamaga qo‘yildi. Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan tashkil etilayotgan va mahalliy kengashlar faoliyatini tubdan yaxshilashga qaratilgan mazkur muhim hujjat deputatlar tomonidan bir ovozdan ma’qullandi. O‘z navbatida, kengash kotibiyatini yuqori malakali, salohiyatli kadrlar bilan ta’minlash masalasi ham sessiya davomida muhokama qilindi. Unga ko‘ra, Sayyora Fayziyeva Mavlyanovna Xalq deputatlari Toshkent viloyati Kengashi kotibi etib tayinlandi.

Shuningdek, viloyatda davlat tilida ish yuritishni samarali tashkil etish chora-tadbirlari, mahalliy byudjetning 2021 yilda shakllanishi kutilayotgan qo‘shimcha manbalaridan foydalanish to‘g‘risidagi masalalar ham muhokama qilindi va tegishli qarorlar qabul qilindi.

A. Musayev, O‘zA