O‘zbekistonlik jurnalistlarning Turkiya bo‘ylab sayohati davom etmoqda.

Loyiha tashabbuskori Turkiya Madaniyat va turizm vazirligi. Mazkur press-turdan maqsad Turkiyada Covid-19 oldini olishga qaratilgan karantinga qaramasdan “xavfsiz turizm”ning mavjudligi, bu yerga keluvchi sayyohlar uchun barcha sanitar-epidemiologik chora-tadbirlar ko‘rilganini targ‘ib qilishdan iboratdir.

Istanbulda o‘tgan ikkinchi kun ham taassurotlarga boy bo‘ldi. Navbatdagi manzil shaharning tarixiy qadamjolaridan biri Ayo Sofiya masjidi.

Hashamatli yodgorlik shaharning to‘rt tomonidan ko‘rinib turadi. Mazkur ko‘hna obida Sulton Ahmad mavzesida, Bosfor sohilida qad rostlagan. Ibodatxona haqidagi ilk ma’lumotlar milodning 300 yillariga borib taqaladi. Uning uzunligi 77 metr, gumbaz diametri esa 31,5 metrni tashkil qiladi.

Manbalarda keltirilishicha, Vizantiya, ya’ni Sharqiy Rim imperiyasining poytaxti Konstantinopol, hozirgi Istanbuldagi Ayo Sofiya cherkovi hali Islom bu yerlarga kelishidan avval milodiy 532-537 yillarda imperator Yustinian tomonidan qurilgan va deyarli ming yil davomida dunyoning eng katta cherkovi bo‘lgan.

O‘z mahobati bilan asrlar davomida insonlarni lol qoldirib kelgan Konstantinopol shahri va Ayo Sofiya cherkovining xristian dunyosida ahamiyati shunchalik kattaki, Vatikan katolik xristianlarining poytaxti bo‘lsa, Konstantinopol pravoslav-ortodoks xristianlarining poytaxti va Ayo Sofiya cherkovi ularning markaziy ibodatxonasi bo‘lgan. Butun dunyodagi pravoslav-ortodoks xristianlari shu cherkovdan boshqarilgan.

Konstantinopol 1453 yilda Sulton Mahmud tomonidan fath etilgach, shahar nomi Islombo‘lga o‘zgartiriladi va keyinchalik Istanbul deya atala boshlanadi. Shundan so‘ng Ayo Sofiya masjidga aylantiriladi. O‘shanda shahar aholisi musulmonlardan qo‘rqib hammalari Ayo Sofiyaga kirib, berkinib olishgan. Sulton Mahmud esa islomning bag‘rikengligini ko‘rsatib, ularni kechirgan va moli-jonini omon qoldirgan edi.

Shundan keyin Ayo Sofiya 481 yil musulmonlarning masjidi bo‘lib xizmat qiladi. 1934 yil esa Mustafo Kamol Otaturk qarori bilan muzeyga aylantirilib, turistlar ziyorat qiladigan muzey holida bo‘lgan. 1985 yili esa Istanbul tarixiy maskanlari bilan birga UNESCO jahon madaniy merosi ro‘yxatiga olinadi.

2020 yil 10 iyulda Turkiya Oliy sudi Otaturkning bu qarorini bekor qildi va Ayo Sofiya masjidga aylantirildi. 24 iyul kuni Istanbul ramzi sanalgan ko‘hna Ayo Sofiya obidasida 86 yillik tanaffusdan keyin ilk juma namozi ado etiladi. Ilk juma ibodatida mamlakat Prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on hamda davlat va hukumat arboblari ham ishtirok etgan.

Masjid kiraverishida erkaklar va ayollar uchun alohida tahoratxona bor. Masjidga ayollar ro‘mol yoki bosh kiyim bilan kirishlari talab etiladi. Ro‘moli yo‘q ayollar maxsus do‘konchadan sotib olishlari mumkin.

Jurnalistlarning Turkiya bo‘ylab sayohati davom etmoqda.

Nurillo NASRIEV, O‘zA

Istanbuldan maxsus