Ispaniyalik mutaxassis bilan uchrashuv

Qashqadaryo viloyati futbol federatsiyasida ispaniyalik futbol mutaxassisi Kiko Zuniga bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda viloyatdagi turli ta’lim muassasalarida faoliyat yuritayotgan futbol murabbiylari, futbol federatsiyasi mutaxassislari, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Mamlakatimizda futbolni rivojlantirish borasida salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda. Bunda asosiy e’tibor avvalo bolalar futbolini rivojlantirishga qaratilmoqda. Xususan, O‘FF tomonidan ilgari surilayotgan yangi loyihaga ko‘ra, bolalar bilan mashg‘ulotlarni yangi uslubda, Yevropa andozalariga mos ravishda o‘tkazish va shu yo‘l orqali yuqori saviyali futbolchilarni tayyorlash maqsadida viloyatlar to‘rt hududga bo‘linib, har biriga bir nafardan xorijlik mutaxassis jalb etilayotir. Ular hududlarda bolalar futboli murabbiylari va seleksionerlar bilan ish olib boradi. Ispaniyalik mutaxassis Kiko Zuniga viloyatdagi shart-sharoitlar, futbol maktablari infratuzilmasi, murabbiylarning ish uslubi bilan yaqindan tanishadi. Bu yerdagi shart-sharoitlarni o‘z ko‘zi ko‘rib, bolalar futbolini sezilarli darajada rivojlantirishga yordam bera olishiga ishonchi komil bo‘lsagina, u bilan shartnoma imzolanadi. Yo‘qsa, yana boshqa mutaxassis tanlanishi mumkin.

4.jpg

Kiko Zuniga murabbiylik faoliyati davomida “Atletiko” (Madrid) jamoasining U-13 va U-14 jamoalarini boshqargan. Shuningdek, u “Real” (Madrid) jamoasining Xitoyda joylashgan akademiyasida ham faoliyat yuritgan.

 

Jamshid Norqobilov (surat), O‘zA