Bu haqda Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi axborot xizmati xabar bermoqda.

Bosh vazir o‘rinbosari, turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi Aziz Abduxakimov boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi Madrid shahriga xizmat safari davomida «Atletiko Madrid» futbol klubi rahbariyati va mutasaddilari bilan uchrashib, hamkorlikka doir muzokaralar olib bordi.

Delegatsiya vakillari Ispaniya tomonga O‘zbekiston Prezidenti tomonidan 2021 yilning «Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili» deb e’lon qilgani, mamlakatimizda aholini sportga keng jalb qilish yo‘lida amalga oshirilayotgan loyihalar hamda futbolga strategik sport turlaridan biri sifatida e’tibor qaratilishi haqida batafsil ma’lumot berishdi.

«Atletiko Madrid» vakillari o‘z o‘rnida xorijda ochilgan akademiyalari faoliyati, O‘zbekiston turizm salohiyatini dunyo bo‘ylab futbol ishqibozlariga tanitishdagi marketing imkoniyatlari haqida batafsil taqdimot o‘tkazishdi.

«Atletiko Madrid» futbol klubi vitse-prezidenti Inigo Aznar ushbu hamkorlik katta natijalar olib kelishini ta’kidlab, buyuk tarixga ega yurt yoshlaridan mamlakatni dunyoga tanitadigan sportchilar yetishib chiqishiga ishonch bildirdi.

Uchrashuv yakuniga ko‘ra, «Atletiko Madrid» klubi vakillari O‘zbekistonda futbol akademiyasini tashkil etish va klub imkoniyatlaridan kelib chiqib, mamlakatimizning turizm salohiyati targ‘ibotida hamkorlik qilishni taklif qildi.

«Atletiko Madrid» klubi rahbariyati tez orada O‘zbekiston tomoniga tijoriy taklif yuborishini, tomonlar o‘zaro kelishuvga erishgan taqdirda, klub mutasaddilari O‘zbekistonga tashrif buyurishini ma’lum qildi.

O‘zA