Demokratlar vakili, sobiq vitse-prezident, 36 yil kongress a’zosi bo‘lgan Jozef Bayden bugun AQSHning 46-prezidenti sifatida Oq uyga kirib keladi. 78 yoshli Bayden uchinchi bor urinishi natijasida ushbu yuksak lavozimni egalladi. Qolaversa, u hozirgacha saylangan eng keksa prezident sifatida ham AQSH tarixida qoladi.
Jo Bayden 2020 yil noyabrda bo‘lib o‘tgan saylovda Donald Trampni mag‘lubiyatga uchratdi. Holbuki, Bayden bungacha ham ikki marta davlat rahbarligini egallashga harakat qilgan.
Birinchi marta, ya’ni 1987 yili u plagiatlikda ayblanib poygadan chiqib ketgan, ikkinchi bor demokratlardan nomzod ko‘rsatish jarayonida Barak Obamaga yutqazgan. Keyinchalik u Obama davrida vitse-prezidentlik qildi. Bayden Obama prezidentlik qilgan ikki muddat davomida AQSHda ikkinchi shaxs bo‘lib keldi.
Qolaversa, Bayden o‘ttiz yildan ortiq vaqt mobaynida kongress a’zosi sifatida katta siyosat maydonida eng taniqli shaxslar safida.
Kichik Jozef Robinett Bayden 1942 yil 20 noyabr kuni AQSHning Pensilvaniya shtatida dunyo kelgan. Yoshligida duduqlangani bois, tengdoshlari, hatto, o‘qituvchilari orasida kulgiga qolib yurgan Bayden o‘zidagi kamchilikni to‘g‘rilash uchun ko‘zgu qarshisida turib, irland shoirlari she’rlarini ovoz chiqarib, yoddan aytardi. Ehtimol, o‘sha mashqlar uning muvaffaqiyatlari uchun zamin bo‘lgandir?! Zero, u hozirgacha ajoyib voiz hisoblanadi, keksaligida ham omma oldida o‘zini a’lo daraja tuta oladi, ma’ruzalarni tutilmay, yoddan o‘qiydi.
Bayden huquqiy ma’lumotga ega. Aynan huquqshunoslik butun hayoti davomida uning asosiy kasbi bo‘lib keldi.
Bayden oilaparvarlikda ham namuna bo‘lishi mumkin. U birinchi turmush o‘rtog‘i va 13 oylik qizidan 1972 yili avtohalokat tufayli judo bo‘lgan. Ikkinchi oilasi bilan 40 yildan buyon birga hayot kechirmoqda.
2015 yil Jozef hayotidagi yana bir katta fojea – o‘g‘li Bo hayotdan ko‘z yumishi tufayli prezidentlik poygasida qatnasha olmadi. O‘shanda ko‘pchilik vitse-prezident Jo Bayden saylovga nomzodini ko‘rsatadi va respublikachilar vakili Donald Trampga qarshi chiqadi, deb hisoblashgan edi. Afsuski, o‘g‘lining o‘limidan qattiq qayg‘urgan Bayden saylovda qatnashmaslikni ma’qul ko‘rdi. Uning o‘rniga demokratlar Xillari Klinton nomzodini ilgari surishdi va Trampga yutqazishdi.
2017 yili Obama ma’muriyati o‘z faoliyatini tugatishdan ancha oldinroq vitse-prezident Jo Baydenga eng asosiy prezidentlik mukofoti – Ozodlik medalini topshirdi. O‘shanda Obama uni marosim ishtirokchilariga “Amerika tarixidagi eng zo‘r vitse-prezident, janob Jo Bayden” deya tanishtirgandi.
Aytishlaricha, Bayden Obamaning bosh maslahatchisi bo‘lgan. Obama o‘zining har qanday qarorini ommaga ma’lum qilishdan avval, albatta, Bayden bilan maslahatlashgan ekan.
Kongressdagi ko‘p yillik faoliyati davrida Bayden dunyo siyosatining, deyarli, barcha hal qiluvchi voqealarida ishtirok etgani e’tirof etiladi.
Bayden prezidentlikka saylanganidan keyin nafaqat AQSHni xalqaro bitimlarga qaytarishini, balki yangi davr qurollarini nazorat qilish bo‘yicha Vashington majburiyatlari yangilanishini ham takror-takror aytib keladi.
U o‘tgan yil mart oyida “Foreign Affairs” jurnalida e’lon qilgan maqolasida prezident sifatida AQSHda demokratiyani yangilash, mamlakatning ittifoqchilik munosabatlarini kuchaytirish, iqtisodiy kelajagini himoya qilish va Amerikani xalqaro maydonda yana yetakchiga aylantirish uchun kechiktirib bo‘lmaydigan choralar ko‘rishini ta’kidlagan edi.
Jozef Baydenning inauguratsiyasi marosimi bugun, Toshkent vaqti bilan 23.00 da boshlanadi. Shunday keyin u rasman prezidentlik faoliyatiga kirishadi. Dunyo har doim o‘zgarishga, yangilanishga chanqoq. Zero, taraqqiyot aynan shuni taqozo etadi, aslida.
Saidmurod Rahimov, O‘zA