Bugun – 2021 yilning 20 yanvar kuni Donald Trampning AQSH prezidentligidagi vakolati muddati tugaydi. U Oq uyni tark etmoqda.
O‘tgan to‘rt yil Tramp hayotining eng faol va qarama-qarshiliklarga boy davri sifatida eslansa, ajabmas. Zero, uning rahbarlik kursisiga o‘tirishi ham mojaro bilan boshlangani, ketishi ham shov-shuv ostida yuz berayotganiga hamma guvoh bo‘lib turibdi.
Yodingizda bo‘lsa, Trampning prezident saylovidagi ustunligini atigi bir nechta ovoz hal qilgan edi. Demokratlar vakili Xillari Klinton ko‘proq ovoz to‘plagani ma’lum bo‘lib turgan bir paytda, saylovchilar kollegiyasi, kutilmaganda, g‘alabani Trampga taqdim etgandi. Qanchalik og‘ir bo‘lmasin, o‘shanda Klinton xonim qonun ustuvorligini namoyish qilib, taqdirga tan berdi, Trampga yo‘l ochdi.
Tramp va Jozef Bayden qarama-qarshiligi ham o‘sha tarixni, deyarli, takrorladi, desak mubolag‘a bo‘lmasa kerak.
Saylovchilar kollegiyasining yakuniy qaroridan so‘ng hayotida mag‘lubiyat bilan murosa qilishga o‘rganmagan Tramp hokimiyatni osonlikcha berib qo‘ymasligini butun dunyo ahliga namoyish qilganiga guvoh bo‘ldik.
Shubhasiz, AQSH tarixidagi barcha prezidentlar o‘ziga xos jihatlari bilan ajralib turadi. Donald Tramp ham bundan mustasno emas, albatta.
Amerika Qo‘shma Shtatlarining 45-prezidentining faoliyati qaysi voqealar bilan yodda qoldi?
Donald Trampning migrantlar masalasiga munosabati, AQSH – Meksika chegarasida devor tortish g‘oyasi ancha shov-shuvga sabab bo‘lgani rost. Eron bilan G‘arb davlatlari o‘rtasida yadro dasturi bo‘yicha imzolangan shartnomadan chiqib ketilishi, Xitoyga qarshi iqtisodiy urush e’lon qilinishi ham dunyo hamjamiyati orasida jiddiy bahs-munozaraga sabab bo‘ldi. NATO a’zolarini mudofaa xarajatlarini oshirishga undash, ittifoqchi mamlakatlardan ularni qo‘riqlayotgani uchun AQSHga pul to‘lashni talab qilish esa Trampning tashqi siyosatdagi o‘ziga xos qarashlarini yana bir bor namoyish qildi, desak adashmagan bo‘lamiz. Afg‘onistonda kechayotgan urushga chek qo‘yish va AQSH askarlarini ushbu mamlakatdan olib chiqib ketish maqsadida Tolibon harakati bilan muzokaralar olib borgani Afg‘onistonda, nihoyat, tinchlik o‘rnatilishiga umid uyg‘otdi. Pandemiya davrida butun dunyoda karantin joriy qilinayotgan bir paytda u AQSH fuqarolarini koronavirusdan himoya qilishni kuchaytirish o‘rniga, aybni Xitoyga ag‘darishi yoki yaqinda bo‘lib o‘tgan prezident saylovi natijalarini tan olmagani ham dunyo hamjamiyatida qarama-qarshi fikrlar uyg‘otdi.
Shu bilan birga Tramp xato qilishga o‘rganmagan, qilingan xatoni tan olmaydigan shaxslar toifasidan ekani ham ko‘p bor eslansa kerak. Zero, u har doim o‘z qarori to‘g‘riligini ta’kidlab kelgani hech kimga sir emas. Buni u Oq uydan ketar chog‘i murojaatnoma bilan chiqish qilganda yana bir bor isbotladi.
Oq uydan tarqatilgan ushbu murojaatnomada Tramp davlat rahbari sifatida “Amerikada hokimiyat xalq oldida hisobdor ekani haqidagi muqaddas g‘oya”ni qat’iy e’tirof etarkan, “o‘n yil davomidagi urush boshlamagan birinchi prezident bo‘lganini” ham alohida ta’kidladi.
Trampning fikricha, uning ma’muriyati AQSH “qudratini” hamda “Amerikaning xalqaro maydondagi yetakchiligini” qayta tiklagan.
U Jo Bayden boshchiligidagi yangi ma’muriyatga mamlakat xavfsizligi va taraqqiyotini ta’minlash yo‘lida muvaffaqiyat tilar ekan, o‘zining siyosiy harakati hali yo‘l boshida turganini ham qo‘shimcha qilib o‘tdi.
“Men chorshanba kuni hokimiyatni yangi ma’muriyatga topshirishga tayyorgarlik ko‘ryapman. Shuni bilishingiz kerakki, biz boshlayotgan harakat, bu – faqat boshlanishi”, – degan u.
“Tramp qanday prezident?”, degan savolga kuni kecha “NPR” davlat radiostansiyasi, “PBS News Hour” dasturi va “Marist” ijtimoiy so‘rov firmasi aholi orasida o‘tkazgan so‘rov natijalari ham bir qadar oydinlik kiritadi.
So‘rovda ishtirok etganlarning 47 foizi Tramp Amerika tarixidagi eng muvaffaqiyatsiz prezidentlardan biri sifatida yodda qolishini ta’kidlagan.
Respondentlarning 16 foizi esa uning AQSH tarixidagi eng yaxshi prezidentlardan biri, 11 foizi “o‘rtachadan yaxshiroq”, 13 foizi “o‘rtachadan pastroq”, degan fikrni bildirgan.
Shunday qilib, AQSH prezidentiligidan ketayotgan Donald Tramp na Jo Bayden g‘alabasini tan oldi, na inauguratsiya marosimida qatnashadigan bo‘ldi. Aksincha, u Vashingtonni Jo Baydenning inauguratsiyasidan 4 soat oldin tark etishini ma’lum qildi.
Xo‘sh, bu qadam Tramp hammasiga qo‘l siltagani, kelgusida siyosatga qaytmasligini bildiradimi? Yo‘q, albatta.
“Wall Street Journal” ishonchli manbalarga tayanib yozishicha, Donald Tramp so‘nggi kunlari yangi siyosiy partiya tuzish masalasini muhokama qilgan. Xabarda u mazkur masalada yordamchilari va boshqa yaqinlari bilan maslahatlashgani aytiladi.
Xabarda yangi partiya tuzish katta xarajat talab qilishi eslatilarkan, Trampning hali respublikachilar partiyasiga jalb qilinmagan tarafdorlari ham juda ko‘p ekaniga, boshqacha aytganda Trampning siyosiy faoliyatida hali ishga solinmagan resurslar yetarli ekaniga e’tibor qaratilgan. Demak, hali hammasi oldinda bo‘lishi ham mumkin…
Saidmurod Rahimov,
O‘zA sharhlovchisi