Tramp o‘z lavozimidagi so‘nggi kunlarini o‘tkazayotgan bir paytda AQSH saylangan prezidenti Jo Bayden Oq uyning “COVID-19” bilan bog‘liq sayohat va turizm qoidalari to‘g‘risidagi yangi farmonini rad etmoqchi. Bu haqda mamlakat rasmiylari bayonot bergan.

Tramp o‘zining so‘nggi buyruqlaridan birida Yevropa va Braziliyaning aksariyat hududlaridan tashrif buyuruvchilar uchun belgilangan taqiqlarni bekor qilgan edi.

Bayden vakili esa hozir sayohat choralarini yengillashtiradigan vaqt emasligini ta’kidladi.

Ma’lumki, Jo Bayden ertaga kunning ikkinchi yarmida lavozimini bajarishga kirishadi. Ayni payt shtatlarda bor diqqat-e’tibor Trampning so‘nggi harakatlariga qaratilgan.

Inauguratsiya marosimi oldidan Vashingtonda xavfsizlik kuchaytirilgan. Kapitoliy binosi atrofiga Milliy Gvardiyaning minglab zaxira askarlari joylashtirildi.

Darvoqe, Federal qidiruv byurosi aholini ekstremistlar tomonidan butun mamlakat bo‘ylab norozilik namoyishi uyushtirilishi mumkinligidan ogohlantirgan.

 

O‘zA