Prezident raisligida ma’naviy-ma’rifiy ishlar ta’sirchanligini yanada oshirish borasidagi dolzarb vazifalar muhokamasiga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi davom etmoqda.
Yig‘ilishda aksariyat odamlar, avvalambor, rahbarlar, davlat xodimlarining bilimsizligi, zamondan orqadaligi eng katta ichki xavf ekani qayd etildi. Jadid bobolarimiz buni “jaholat” deb atab, unga qarshi kurashganlar.
– Iqtisodiy kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha katta ishlar olib borayapmiz. Lekin ma’naviy qashshoqlikni qanday qisqartiramiz? Fikr qaramligidan qanday qutulamiz? Islohotlar uchun mablag‘ va investitsiyalarni topyapmiz, lekin ma’naviy immunitetni mustahkamlash uchun ruhiy resursni qayerdan topamiz? Bu savollar har birimizni o‘ylantirishi zarur, – dedi davlatimiz rahbari.
Bugun bolalarimizni ota-ona, bog‘cha, maktab yoki institut emas, aksariyat hollarda qo‘lidagi telefon “tarbiyalayotgani” kuyunchaklik bilan qayd etildi.
– Mobil telefon endi oddiy aloqa vositasi emas, ko‘pincha yot mafkurani tarqatadigan qurolga aylanmoqda. Ma’naviyatimizga mutlaqo begona bo‘lgan zararli g‘oyalar chegarani buzmasdan, bildirmasdan xonadonimizga, jamiyatimizga kirib kelayapti. Bularning barchasi biz uchun ogohlik qo‘ng‘irog‘i bo‘lib yangrashi zarur. Biz – g‘ururi baland xalqmiz. Mana shu boyligimizni yo‘qotib qo‘ymasligimiz kerak,– dedi Prezident.
Chetda nima yaltiroq bo‘lib ko‘rinsa, o‘shaning orqasidan chopish, xorijniki ekan, deb unga qulluq qilish, ayniqsa, ma’naviyat sohasida yarashmasligi aytildi.
Afsuski, keyingi paytda bu borada chetning ta’siri, ta’bir joiz bo‘lsa, “import”ning hajmi oshib ketmoqda. Ma’naviy immuniteti zaif bo‘lgan ba’zi yoshlar yurish-turishda ham, muomala-munosabatda ham boshqalarga ko‘r-ko‘rona ergashmoqda.
– Ilgari “Bir bolaga yetti mahalla ota-ona” degan maqolga amal qilib yashardik. O‘g‘il-qizlarimizning axloq-odobi, o‘qishi uchun nafaqat ularning ota-onalari, avvalo, mahalladagi nuroniylar, kayvoni keksalar, ziyolilar o‘zini mas’ul va javobgar deb bilardi. Shuning uchun ham mahallalarimizda urush-janjal, bezorilik, ichkilikbozlik qilib yuradigan yoshlar, oilaviy ajrimlar kam bo‘lardi. Keksa avlod vakillari yoshlarni mehnatga, o‘z uyini, ko‘chalar, guzar va maydonlarni ozoda tutishga o‘rgatardi. Endi ayrim odamlar hovlisini bolasiga emas, mardikorga tozalatadi. Ko‘p qavatli uylarda qo‘shni qo‘shnisini tanimaydi. Bu holda bolalar mehnatni, odobni, madaniyatni, mehr-oqibatni kimdan o‘rganadi, – dedi davlatimiz rahbari.
Yig‘ilishda ma’naviyatimiz uchun eng katta xavf – bu aksariyat odamlarimizda loqaydlik va beparvolik kuchayib borayotganida ekani ta’kidlandi.
Siyosatshunoslar o‘rtasida: “Sen uxlaganingda, dushman uyg‘oq bo‘ladi”, degan gap bor. Ayniqsa, hozirgi zamonda ma’naviy nuqtai nazardan “uxlab yotish”ga, loqayd bo‘lishga hech kimning haqqi yo‘q. Barcha fojia va muammolar, Vatanga, millatga, kelajakka xiyonat aynan loqaydlikdan boshlanishi qayd etildi.