AQSH prezidentligiga saylangan Jo Baydenning inauguratsiyasi yaqinlashgan sayin, Vashington shahrida, xususan Kapitoliy tepaligi atrofida ko‘rilayotgan xavfsizlik choralari eng yuqori darajaga yetkazilmoqda. Shahardagi har qanday kutilmagan hodisa, albatta, shu marosimga tahdid sifatida qabul qilinmoqda.

AQSH tarixida kamdan-kam kuzatiladigan ayni holat, bugungi kunda nafaqat mamlakat ichkarisida, balki jahonda ham ommaviy axborot vositalari diqqat-e’tiborini jalb qilgan.

Masalan, kecha “NBC News” telekanali huquq-tartibot organi vakili bergan ma’lumotga tayanib, Kapitoliy yaqinida yong‘in kelib chiqqani to‘g‘risida xavotirli xabar tarqatdi.

Axborotda aytilishicha, “tashqi tahdid” sababli Kapitoliy majmuasiga barcha kirish yo‘laklari yopilgan, inauguratsiya repetitsiyasida qatnashayotganlar zudlik bilan xavfsiz joyga olib o‘tilgan.

Keyinroq AQSH maxfiy xizmati ijtimoiy tarmoq orqali yong‘in o‘chirilganini e’lon qildi.

– Jamoat xavfsizligi va huquq-tartibot organlari xodimlari Kolumbiya okrugi Vashington shahridagi Birinchi tuman va F-Stritda kichik yong‘inni o‘chirishdi, – deyiladi xabarda. – Xavfsizlik nuqtai-nazaridan Kapitoliy binosi vaqtincha yopib qo‘yildi. Endi jamoatchilik uchun xavf yo‘q.

Shunga qaramay, Kapitoliy atrofi kirib bo‘lmas, mustahkam qo‘rg‘onga aylantirilgan. Ko‘chada yurganlardan pana joyga yashirinish so‘ralmoqda, deya ma’lum qiladi “NBC News” telekanali “Twitter” orqali.

“Tashqi xavf tahdidi kuchaygani bois Kapitoliy majmuasi tarkibidagi barcha binolarga kirish va chiqish to‘xtatilgan, eshik, derazalardan nari keting. Kimki ko‘chada bo‘lsa, panaga yashirinsin”, – deyiladi xabarda.

Kapitoliy tepaligi uzunasiga to‘siqlar bilan o‘ralgan, kongress binosiga kamida bir kilometr yaqinlashishning imkoni yo‘q. Ko‘chalarda harbiylar yuribdi.

– Kongress binosi atrofidagi maydon harbiylar lagerini eslatadi, – deydi “RIA Novosti” muxbiri. – Chor atrofda harbiy texnika, askarlar saf-saf bo‘lib yurishibdi.

Fuqarolar bu yerga kirishi man qilingan.

Avval inauguratsiya xavfsizligini Milliy gvardiyanig 25 ming askari ta’minlashi aytilgandi. Shu bois, ko‘chalarda harbiylar soni tobora ko‘paymoqda. Ular portlovchi qurilmalardan foydalanish ehtimoliga tayyor turish haqida ogohlantirilgan. Yon-atrofda shaxsiy tarkibni tashuvchi yuk mashinalar va “Hummer” jiplari ko‘rinadi.

Tramp tarafdorlari ham jim turishmagan ko‘rinadi. Xabarda ta’kidlanishicha, amaldagi prezidentni qo‘llab-quvvatlayotgan odamlar turli shtatlarda norozilik chiqishlarini uyushtirishmoqda.

Kecha yarim tunga kelib, Vashingtonda komendantlik soati amal qila boshladi.

Shahar markazi, deyarli, bo‘m-bo‘sh. Amerikalik telereportyorlar bu qadar keskin xavfsizlik choralarini hech qachon ko‘rmaganliklarini aytishmoqda.

AQSH prezidentligiga saylangan Jo Baydenning inauguratsiyasi 20 yanvarga mo‘ljallangan.

 

Saidmurod RAHIMOV, O‘zA