Amudaryo tumanidan Nukusga qaytib kelayotib, magistral yo‘l bo‘yida saksovul ekayotgan ishchilar bilan uchrashib qoldik. Kun izg‘irin sovuq. Suv tashiydigan sisternadagi suv muzlab qolyapti, ishchilar tez-tezdan olov tutib qizdirmoqda.

Doim saksovul ekuvchilar orasida yuraman, nimaga qishning izg‘irin sovug‘ida ekar ekan-a, deb hayron qolardim. Nimaga bahorda ekishmaydi?

– Saksovul asosan kech kuz yoki qish mavsumida ekiladi. Orolning qurigan tubida ham cho‘l o‘simliklari dekabr oyi oxirlaridan ekila boshlaydi, – dedi o‘zini “Qoraqalpog‘iston yo‘l ko‘kalam” UK da bo‘lim boshlig‘i deb tanishtirgan Abat ismli yigit. – Sababi, uning urug‘i yoki niholi qish bo‘yi yoqqan qor va yomg‘irlarning suvini bo‘yiga singdirib yotadi.

Saksovul ko‘chatdan hamda urug‘dan ekiladi. Urug‘ni sepganda uchib ketmasligi uchun ustiga yupqa tuproq yoyiladi. Agar urug‘ teranroqqa tushib ketsa, unib chiqishi qiyin bo‘ladi.

Yo‘lning bo‘yiga saksovul ikki maqsadni ko‘zlab ekiladi: birinchisi, yo‘l bo‘yida manzarali daraxt kabi muhimlik kasb etsa, ikkinchidan qum ko‘chishining oldini oladi. Bitta tup saksovul 4 tonnagacha qum ko‘chishining oldini olishi mumkin. 4 tonna esa bitta uyni bosib qolishga yetadi.

Qoraqalpog‘istonda qum ostida qolib ketgan qadimiy shaharlar ko‘p. Beruniy, Ellikqal’a, To‘rtko‘l tumanlari hududida hanuzgacha qumostidan chiqayotgan qal’alar bor. Bu qal’alar asosan XIII-XVI asrlarda Orol dengizining qurib ketishidan keyin yuzaga kelgan qurg‘oqchilik tufayli bo‘lgan.

Tarixdan ma’lumki, Chingizxon lashkarlari Xorazmni bosib olish uchun Amudaryoning to‘g‘onini ochib yuborib, ko‘hna Urganchni suv ostida qoldiradi. Orol dengiziga quyilayotgan daryo endi Sariqamish ko‘liga, undan nari Kaspiy dengizi tomon oqa boshlaydi. Ikki-uch asr mobaynida Amudaryo suv quymagandan keyin Orol dengizi xuddi hozirgi ahvolini boshdan kechirgan. Dengizning ochilib qolgan qismidan tuyalar karvoni o‘tgan. Qurib qolgan maydondan ko‘tarilgan qumlar yaqin atrofdagi qadimiy qal’alarni bosib qolgan.

Qum bosib qolish havfi bugungi kunning ham muammosi – yo‘llarni to‘sib qo‘yadi, uylarni bosib qoladi va cho‘llanish jarayonini tezlashtiradi.

Shu bois, “Qoraqalpog‘iston yo‘l ko‘kalam” UK xodimlari qishning qahraton sovuqlarida ham dashtlarga jon bitirishga harakat qilishmoqda.

 

Ye.Qanoatov, M.Habibullayev (surat), O‘zA