Qoraqalpog‘iston Respublikasi Xo‘jayli tumanidagi 1-Mehribonlik uyi 130 nafar bolajonni o‘z bag‘riga olgan.
Maskanda tarbiyalanuvchilarning zamonaviy sharoitda ta’lim-tarbiya olishi uchun barcha sharoit yaratilgan. Yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish uchun fortepyano, xor, raqs, futbol, kurash, suzish, voleybol, shaxmat-shashka, stol tennisi, kompyuter savodxonligi, pazandachilik, yosh kitobxon, tikuvchilik, rassomchilik, gulchilik, kashtachilik, sartaroshlik kabi to‘garaklar ishlab turibdi. Shuningdek, yosh iste’dodlar uchun “Tong g‘unchalari” milliy folklor jamoasi va “Qars” musiqiy guruhlari faoliyati yo‘lga qo‘yilgan.
E’tiborlisi, muassasa tarbiyalanuvchilari nufuzli ko‘rik-tanlov va sport musobaqalarida muvaffaqiyatli ishtirok etib kelmoqda. Xususan, 2019 yil Xo‘jayli tumani Kasaba uyushmasi tomonidan sportning voleybol turi bo‘yicha o‘tkazilgan musobaqada 23 jamoa orasida mazkur Mehribonlik uyining o‘g‘il bolalar jamoasi faxrli 3-o‘rinni egalladi. O‘sha yilning may oyida Mehribonlik uylari tarbiyalanuvchilari o‘rtasida o‘tkazilgan “Kamalak jilosi” respublika rasmlar ko‘rik-tanlovida M.Qosimbetov “Xitoy mening tasavvurimda” mavzusida chizgan rasmi bilan 2-o‘ringa sazovor bo‘ldi. Shuningdek, 2019 yil 25-27 sentyabr kunlari Nukus shahrida sportning tennis turi bo‘yicha o‘tkazilgan Qoraqalpog‘iston chempionatida Yana Bogush, Jadira Abdixaliqova, Minaj Tokarov, Muhamedali Karamovlar g‘olib va sovrindorlar qatoridan joy oldi. 2020 yil mart oyida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi tomonidan maskan tarbiyalanuvchisi Ra’no Karamova “Umid uchquni” ko‘krak nishoni va pul mukofoti bilan taqdirlandi. 2020 yil “Kamalak” yulduzlari” bolalar ijodiyoti festivalining yakuniy onlayn bosqichida “Qars” estrada cholg‘u ansambli va “Tong g‘unchalari” raqs ansambli o‘z yo‘nalishi bo‘yicha laureatlikni qo‘lga kiritdi.
Tarbiyalanuvchilarning ushbu yutuqlarida Mehribonlik uyi rahbari Svetlana Sonning ham hissasi ulkan. S.Sonning o‘z kasbiga jonkuyarligi, fidoyiligi davlatimiz tomonidan munosib baholanib, 2007 yil O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiyi, 2018 yil “Sog‘lom avlod uchun” 2-darajali ordeni, 2019 yil “Mo‘’tabar ayol” ko‘krak nishoni bilan taqdirlangan.
Maqsad HABIBULLAEV (surat), O‘zA