2020 yil davomida Qoraqalpog‘iston Respublikasi bojxona boshqarmasi tomonidan qiymati 352,7 million AQSH dollariga teng mahsulot eksport bojxona rejimiga rasmiylashtirilgan. Umumiy qiymati 502,1 million AQSH dollarini tashkil etuvchi Orolbo‘yi tashqi savdo aylanmasining 70,2 foizi tovarlar eksportiga to‘g‘ri kelgan.
– Bu mamlakatimizda eksportyor korxonalar qo‘llab-quvvatlanib, ularga keng imkoniyatlar taqdim etilayotganining samarasidir, – deydi Qoraqalpog‘iston Respublikasi bojxona boshqarmasi boshlig‘i Olimjon Hojimatov. – Respublika hududidan asosan polietilen, artemiya sistasi, kunjut mahsulotlari, paxta tolasi, propilen, qizilmiya ildizi va uning ekstrakti, ip-kalava, kalsinirlangan soda hamda teri mahsulotlari dunyoning Xitoy, Rossiya, Turkiya, Qozog‘iston, Latviya, Ukraina kabi bir qator davlatlariga eksport qilingan.
Texnologik asbob-uskunalar, kimyo sanoati mahsulotlari, yog‘och va taxta, qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat mahsulotlari kabi umumiy qiymati 149 million 375 ming AQSH dollariga teng mahsulot import bojxona rejimiga rasmiylashtirilgan. Shuningdek, o‘tgan 2020 yil davomida boshqarma tomonidan bojxona to‘lovlaridan 244 milliard 356 million so‘m pul mablag‘i davlat byudjetiga o‘tkazilishi ta’minlandi.
Amaldagi qonunchilik talablariga asosan tadbirkorlik sub’ektlariga 2020 yil davomida jami 236 milliard 780 million so‘m miqdorida bojxona to‘lovlaridan imtiyozlar qo‘llanildi. Yurtimizda faoliyat yurituvchi tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilariga bojxona to‘lovlaridan taqdim etilgan imtiyozlar natijasida tejalgan mablag‘larning o‘z faoliyatlarini yanada kengaytirishga, ish o‘rinlari yaratilib, aholi farovonligiga xizmat qilishi shubhasiz.
O‘tgan 2020 yil davomida boshqarma tasarrufidagi bojxona postlari orqali 64113 ta temir yo‘l vagonining harakati kuzatilgan bo‘lsa, 101681 ta avtotransport vositasining bojxona postlari orqali harakati amalga oshirilgan. Shu bilan birga, yurtimiz sarhadlarida sergak bojxonachilarimiz tomonidan bojxona sohasiga oid qonun hujjatlarining buzilishi bilan bog‘liq 556 ta huquqbuzarlik holati aniqlanib, qiymati 15 milliard 334 million so‘mlik tovar-moddiy boylik ashyoviy dalil tariqasida ushlab qolindi. Shundan, jami 17 ta holatda O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Xususan, Qoraqalpog‘iston Respublikasi bojxona boshqarmasi xodimlari tomonidan yil davomida 5 ta holatda qiymati 223 million so‘mdan ortiq bo‘lgan sifati kafolatlanmagan tamaki mahsuloti, 3 ta holatda 507 dona psixotrop va kuchli ta’sir qiluvchi dorilar, 9 ta holatda 5284,9 gramm (gashish, marixuana, tramadol) kabi giyohvandlik vositasi, shuningdek, o‘qotar sovuq qurollar toifasidan 337 dona gilza, 15 dona drobning noqonuniy tarzda bojxona chegaralari orqali kirib kelishi va aylanmada bo‘lishining oldi olindi.
Dovud Abibullayev, O‘zA