AQSH va Yevropaning bir qator davlatlari hukumati muxolifatchi-siyosatchi Aleksey Navalniyni Rossiya hibsxonasidan ozod etishni talab qilmoqda. Bu haqda BBC nashri xabar berdi.

Kecha 44 yoshli Aleksey Navalniy Germaniyadan uchib, Moskvaga yetib kelgan va darhol hibsga olingan.

G‘arbning fikriga ko‘ra, Kremlni ayblagani uchun, go‘yoki, unga nisbatan tazyiq o‘tkazilgan. Salkam besh oy o‘tgach, mana u mamlakatga qaytdi. Tabiiyki, rasmiy Moskva hukumat sha’niga aytilgan salbiy fikrlarni rad etadi.

Shuningdek, mamlakat tashqi ishlar vaziri ham xalqaro miqyosdagi “hukm”ni tan olmaydi. Sergey Lavrovning aytishicha, G‘arb siyosatchilari bu voqeani o‘z ichki muammolaridan omma “e’tiborini chalg‘itish” maqsadida shunday talqin qilishmoqda.

Yakshanba kuni Rossiya huquqni muhofaza qilish tizimi mas’ullari Kreml tanqidchisi pul o‘g‘irlagani uchun berilgan shartli jazo muddatini buzgan, deya ayblanuvchi sud qaroriga qadar hibsda qolishini bildirdi.

Sud majlisi Moskva yaqinidagi politsiya bo‘linmasida bugun bo‘lib o‘tyapti.

AQSH va Yevropa Ittifoqi janob Navalniy ozodlikka chiqarilishini talab qilyapti.

AQSH davlat kotibi Mayk Pompeoning fikricha, Rossiya hukumati tanqidchilar ovozini o‘chirishga urinmoqda. U Navalniy zudlik bilan va shartsiz ravishda qo‘yib yuborilishi kerak, deb hisoblaydi.

Behruz XUDOYBERDIEV, O‘zA