“Samsung Electronics” vitse-prezidenti va “Samsung Group” merosxo‘ri, amalda konglomeratni nazorat qilib kelayotgan Li Chje Yonga ikki yil-u olti oylik qamoq jazosi berildi. “Ryonxap” axborot agentligi sud qaroriga tayanib yozishicha, u pora berganlikda ayblangan.

Seul yuqori sudi Samsungning asosiy merosxo‘rini o‘z hokimiyatini mustahkamlash maqsadida hukumatni sotib olishga uringani uchun ozodlikdan mahrum qildi. Li Chje Yon sud zalidayoq hibsga olindi.

Kompaniyaning sobiq raisi Li Gon Xi 2020 yil 25 oktyabrda Seuldagi “Samsung” kasalxonasida vafot etgan edi.

Endi merosni taqsimlash jarayoni bir necha yilga cho‘zilishi mumkin.

Li Gon Xi 2014 yili yurak xurujiga uchragandi. Shundan keyin korporatsiya ustidan nazorat qilish vakolati uning o‘g‘li, guruh shu’ba kompaniyasi – “Samsung Electronics” vitse-prezidenti, 52 yoshli Li Chje Yonga o‘tdi.

Janubiy Koreya prokuraturasi Li Chje Yonni konglomerat ustidan nazorat o‘rnatish uchun 2014 yili aksiyalarga doir qonunbuzarlik hamda korporatsiya ichidagi kompaniyalarni birlashtirish yo‘li bilan noqonuniy ishlarni amalga oshirganlikda ayblab chiqdi.

Ayblanuvchi sobiq prezidentning yaqin dugonasiga 8,9 milliard von (taxminan sakkiz million dollar) miqdorida pora bergani ham aytilmoqda. Ushbu pora evaziga hukumat Samsungning bir qator shu’ba korxonalarini birlashtirishni qo‘llab-quvvatlashi lozim bo‘lgan.

“Sudlanuvchi sobiq prezident Pak Kin Xe talabiga ko‘nib, faol ravishda pora berib kelgan. U otasidan hokimiyatni olish uchun prezidentdan foydalanishga uringan”, – deyiladi sud qarorida.

Pak Kin Xe 2017 yil konglomerat bilan bog‘liq poraxo‘rlik va hokimiyatni suiiste’mol qilishda ayblanib, impichment natijasida lavozimidan ketgan edi. Davlat rahbari uzoq muddatga ozodlikdan mahrum etilgan. O‘shanda Li Chje Yon ham hibsga olinib, besh yilga qamalgan. 2018 yil fevralda esa sud uning apellyatsiyasini qayta ko‘rib chiqdi va isbotlangan pora miqdorini pasaytirib, besh yillik qamoq jazosini shartli qamoqqa o‘zgartirdi. 2019 yil avgustda esa Oliy sud Li Chje Yon ishini yana qayta ko‘rib chiqish yuzasidan qaror chiqardi.

 

Saidmurod RAHIMOV, O‘zA