Prezident Donald Trampning ko‘pming kishilik tarafdorlari Kapitoliy binosi oldida norozilik namoyishi uyushtirib, keyin bino ichkarisiga bostirib kirgani hamda majlis o‘tkazayotgan kongressmenlar hayotini xavf ostiga qo‘ygani, qolaversa, to‘polonda besh kishi hayotdan ko‘z yumgani nafaqat AQSHning o‘zida, balki xalqaro maydonda ham ko‘p bahs-munozaralarga sabab bo‘ldi.
Ushbu voqealar prezidentlikka saylangan Jo Bayden inauguratsiyasi arafasida vaziyatni nazoratga olish qanchalik muhim ekanidan dalolat beradi. Mazkur voqelar ayniqsa, hukumat idoralari, jumladan, xavfsizlikni saqlash bo‘yicha mas’ullarni yanada hushyor bo‘lishga undamoqda.
Gap shundaki, AQSH harbiylari prezidentlikka saylangan Jo Baydenning inauguratsiyasida xavfsizlikni ta’minlash uchun safarbar etilgan Milliy gvardiya xizmatchilari tomonidan ehtimoliy ichki hujum yoki boshqa tahdidlar yuzaga kelishidan xavfsiramoqda. Shu bois Federal qidiruv byurosi (FQB) askarlarni ham birma-bir tekshiruvdan o‘tkazmoqda, deb xabar berdi Assoshieyted Press agentligi.
Hozirgacha AQSH prezidenti inauguratsiyasida xavfsizlikni ta’minlash uchun Milliy gvardiyaning 15 ming askari Vashingtonga yetib kelgan. MSNBC telekanalining xabariga ko‘ra inauguratsiya kunigacha, ya’ni 20 yanvargacha ular 25 mingtaga yetkaziladi. Askarlar 50 ta shtatdan kelmoqda.
Agentlikning xabar berishicha, harbiylarning xavfsirashida jon borga o‘xshaydi. Zero ularning fikricha, yaqin kunlar ichida Vashingtonni qo‘riqlashga jalb etilgan ayrim askarlar bo‘lajak prezidentga yoki boshqa muhim shaxslarga xavf tug‘dirishi mumkin.
AQSHning quruqlikdagi qo‘shinlari vaziri Rayan Makkartining ma’lum qilishicha, ushbu katta tahdid hukumatga ma’lum, qo‘mondonlik ogohlantirilgan va ular o‘ta hushyor turishi kerak.
FQB tekshiruvni bir hafta avval boshlagan edi, tekshiruvlar chorshanba kunigacha nihoyasiga yetkazilishi kerak. Shu bilan birga, Makkarti va boshqa hukumat vakillarining bayonot berishicha, bunday tahdidlarning mavjudligiga hozircha dalil-isbotlar yo‘q.
“Biz voqealar rivojini kuzatib boramiz, xavfsizlikni ta’minlashga jalb qilingan odamlarni bir, ikki, kerak bo‘lsa uch bor tekshiruvdan o‘tkazmoqdamiz. Ushbu amaliyotga jalb qilingan erkak va ayollarni sinchiklab tekshirish uchun barcha mexanizmlarni ishga solishimiz zarur”, – deydi Makkarti.
FQB tekshiruvi odamlarni ma’lumotlar bazasi bo‘yicha hamda kuzatuv ro‘yxati bo‘yicha qarab chiqishni o‘z ichiga oladi. Ularda terrorizm bilan bog‘liq muammolar haqida ma’lumotlar bo‘lishi mumkin, deydi FQBning Sietldagi milliy xavfsizlik bo‘yicha sobiq noziri Devid Gomes.
Xavfsizlik bo‘yicha yana bir mutasaddi, general Deniyel Xokansonning ta’kidlashicha, agar harbiylar yoki harbiy havo kuchlari xizmatchilaridan kimlardir ekstremistik qarashlarini ifoda etadigan holatlar kuzatiladigan bo‘lsa, u holda ushbu ma’lumot huquq himoyachilariga yoki rahbariyatga yetkaziladi. Uning ta’kidlashicha, har qanday xavfli tahdidlarni aniqlashning usullari mavjud.
Shunday qilib, Jo Bayden inauguratsiyasiga ikki kun qoldi. Bu AQSHda prezidentlar almashinuvi tarixida kamdan-kam uchraydigan keskin va xavotirli holatdir. Shu bois inauguratsiya marosimining o‘tkazilishiga nafaqat mamlakat jamoatchiligi, balki jahon ahli ham befarq bo‘lmasligi shubhasiz. Zero, dunyoda iqtisodiy jihatdan eng qudratli davlat hisoblangan, demokratiya beshigi deb ta’rif berilayotgan Amerikadek davlatda ro‘y berayotgan siyosiy voqealar xalqaro miqyosda tinchlik va osoyishtalikka bevosita ta’sir etishi hech kimga sir bo‘lmasa kerak.
Saidmurod Rahimov, O‘zA