Sadir Japarov 79,23 foiz ovoz to‘plab, Qirg‘iz Respublikasida muddatidan oldin o‘tkazilgan navbatdagi prezident saylovida g‘olib chiqdi.

Ushbu rasmiy ma’lumotni respublika Markaziy saylov komissiyasi, ovozlarni qo‘l bilan sanash yakuniga ko‘ra, bugun – 2021 yil 16 yanvarda e’lon qildi.

MSK tahliliga binoan, 100 foiz byulleten sanab chiqilgach, Japarov uchun 1,1 million kishi yoki qatnashgan saylovchilarning 79,23 foizi ovoz bergani ayonlashdi. Ikkinchi o‘rinni egallagan Adaxan Madumarovni 95 ming fuqaro, ya’ni 6,8 foiz saylovchi yoqlagan.

O‘tgan yakshanba kuni Qirg‘izistonda prezident saylovi va respublikada boshqaruv shaklini aniqlash maqsadida referendum bo‘lib o‘tdi. Ushbu jarayonda ro‘yxatga olingan saylovchilar, boshqacha aytganda, mamlakatdagi ovoz berish huquqiga ega bo‘lgan fuqarolarning 40 foizdan kamrog‘i ishtirok etdi.

Referendum natijasiga ko‘ra, 1,1 milliondan ziyod odam prezident institutini kuchaytirish tarafdori, parlament boshqaruvi esa 152 ming kishi yoki 11 foizdan kamroq saylovchi tomonidan ma’qullandi, yana 62 ming kishi (4,5 foiz) har ikki boshqaruv shakliga qarshi chiqqan.

O‘zA