Indoneziyaning Sulavesi orolida yuz bergan kuchli zilzila oqibatida halok bo‘lganlar soni yana 26 taga ko‘paydi, deb xabar bergan “Frans-Press” agentligi Tabiiy ofatlarga qarshi kurash bo‘yicha milliy boshqarma bergan ma’lumotga tayanib.
6,2 ball magnitudali zilzila markazi g‘arbiy Sulavesi viloyatining Mamuju shahri yaqinida ekani aniqlangan. Avvalroq hodisa tufayli 7 kishi qurbon bo‘lgani va 600 kishi jarohat olgani aytilgandi.
Yer qimirlashi oqibatida ko‘plab binolar qulagan. Qutqaruvchilar odamlarni vayronalar ostidan olib chiqish uchun og‘ir texnika vositalaridan foydalanmoqda.
“Zilzila mahalliy shifoxonani ham vayron qildi. Shifokorlar va bemorlar yiqilgan devorlar tagida qolib ketgan”, deyiladi xabarda.
Tabiiy ofatlarga qarshi kurash bo‘yicha mahalliy boshqarma rahbarining aytishicha, Mamuju shahrining o‘zida 26 kishi halok bo‘lgan.
“Bu raqam hali o‘zgarishi mumkin, chunki qutqaruv ishlari davom etyapti”, – deydi mulozim.