AQSHning saylangan prezidenti Jo Bayden mamlakatning soliq to‘lovchi fuqarolariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri 1,4 ming dollardan yordam puli ajratish taklifini bildirgan. Ayni masala shu kunlarda e’lon qilingan Baydenning iqtisodiyot bilan bog‘liq rejalarida ko‘tarilgan.

Demak, kongress tomonidan avval ma’qullangan, ya’ni soliq to‘lovchilarga 600 dollarlik chek tarqatish to‘g‘risidagi qaror rivojlantirilib, fuqarolarga ajratiladigan to‘g‘ridan-to‘g‘ri moddiy ko‘mak miqdori dekabr-yanvar oylari uchun 2000 dollarga yetadi. Eslatib o‘tish joiz, AQSHda pandemiya boshlangandan buyon har bir kishi jami 3200 dollardan olgan.

To‘g‘ri, federal mablag‘ sarflanishiga taalluqli bu loyiha amalga oshishi uchun Baydenning taklifini, avval, kongress tasdiqlashi shart.

Shuningdek, Jozef Bayden tashabbusi bilan ishlab chiqilgan mazkur rejada Amerika iqtisodiyotini qo‘llab-quvvatlash uchun yana 1,9 trillion dollar yo‘naltirilishi ko‘zda tutilgan. U kongressni qo‘shimcha mablag‘ ajratishga chaqirib, bu pullarni vaksina ishlab chiqarish va emlash, fuqarolarni testdan o‘tkazish va maktablar ochishga sarflanishini aytgan.

– Saylangan prezidentning Amerika iqtisodiyotini qutqarib qolish maqsadida 1,9 trillion dollar ajratishga qaratilgan qarori uning niyatlari o‘ta jiddiy ekanidan darak, – deyiladi o‘tish davri jamoasi – Bayden shtabi bayonotida. – To‘g‘ri, loyihani hayotga tadbiq etish oson kechmaydi, ammo bu ishni amalga oshirsa bo‘ladi. Mazkur qadam iqtisodiyotni tiklashga, virus ustidan g‘alaba qozonishga yordam beradi.

Bayden taklifiga ko‘ra, 170 milliard dollar katta maktablar va oliy o‘quv yurtlarini qo‘llab-quvvatlashga, 130 milliard mablag‘ esa o‘quv muassasalarini xavfsiz tarzda ochilishiga yo‘naltiriladi. “Bu reja prezidentlikning dastlabki 100 kunligida maktablarimiz faoliyatini tiklash bo‘yicha oldimizga qo‘yilgan maqsadlarga erishishni nazarda tutadi”, – deya ta’kidlangan hujjatda.

Bayonotda, shuningdek,”saylangan prezident rejasiga muvofiq, 50 milliard dollar test jarayoni ko‘lamini kengaytirishga, ekspress-test vositalari xarid qilishga, laboratoriyalar faoliyatini kuchaytirishga investitsiya kiritishga sarflanishi” qayd etilgan.

Qolaversa, Bayden kongressga murojaatida mamlakat aholisi hayoti muhofazasi uchun zarur bo‘ladigan loyihalarni moliyalashtirish maqsadida 160 milliard dollar ajratish orqali milliy emlash dasturini yaratish, test tahlillari ko‘lamini kengaytirish, jamoat sog‘lig‘ini saqlash sohasidagi mavjud imkoniyatlarni bandlik dasturiga safarbar qilish rejasini oydinlashtirgan. Shu yo‘l bilan u kongressni virusga qarshi kurash bilan bog‘liq qo‘shimcha imkoniyatlar yuzaga chiqishini ta’minlovchi qator zarur qadamlarni tashlashga qaratilgan mazkur rejani bajarishga da’vat etgan”, – deyiladi bayonotda.

Ayni vaqt kongress tarkibidagi demokratlar Baydenning AQSH iqtisodiyotini qo‘llab-quvvatlashga 1,9 trillion dollar yo‘naltirish niyatini ma’qullashdi.

“Shakllanajak Bayden-Xarris ma’muriyati tomonidan e’lon qilingan zudlik bilan moliyaviy yordam ajratish to‘g‘risidagi qaror – juda to‘g‘ri yo‘l”, – deyiladi Qo‘shma Shtatlar vakillar palatasi spikeri Nensi Pelosi va senatdagi demokratlar yetakchisi Chak Shumerning qo‘shma bayonotida.

“Biz kongress palatalari tasdiqlagach va hujjat imzolangach (prezident tomonidan), saylangan prezident Bayden tomonidan ishlab chiqilgan konsepsiyani qonunga aylantirish uchun darhol ishga kirishamiz”, – deya qo‘shimcha qilgan Pelosi va Shumer.

Kongressning yangi tarkibida demokratlar sezilarli darajada ko‘pchilikni tashkil etishi inobatga olinadigan bo‘lsa, mazkur qonun loyihasi amalga oshishi ancha yengil kechishini anglash qiyin emas.

G‘ayrat XONNAZAROV, O‘zA