O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil topganining 29 yilligi hamda Vatan himoyachilari bayrami arafasida Nukus garnizonidagi Ma’naviyat va ma’rifat markazi binosi kapital ta’mirdan chiqarilib foydalanishga topshirildi.
Bu haqda Shimoli-g‘arbiy harbiy okrugi matbuot xizmati O‘zA muxbiriga ma’lum qildi.
Shu munosabat bilan o‘tkazilgan tadbirda Qurolli kuchlar faxriylari, keng jamoatchilik vakillari va harbiy xizmatchilar ishtirok etdi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi M.Kamalov, Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondoni, polkovnik F.Shermatov va boshqalarning ta’kidlaganidek, o‘tgan yilda harbiy okrug qo‘shinlarida jangovar tayyorgarlik, ta’minot, aholi va yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash hamda harbiy bo‘linmalarning qiyofasini o‘zgartirish borasida katta ishlar amalga oshirildi.
Jumladan harbiy xizmatchilar va ular oila a’zolarining ma’naviy-ma’rifiy bilimlarini mustahkamlash, ularda vatanparvarlik, Vatanga muhabbat, milliy istiqlol g‘oyalariga sodiqlik, Qurolli Kuchlarga hurmat tuyg‘usini shakllantirishda davlatimiz rahbarining 2018 yil 4 avgustdagi “O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari harbiy xizmatchilarining ma’naviy-ma’rifiy saviyasini oshirish tizimini tubdan takomillashtirish to‘g‘risida”gi qarori tom ma’noda dasturilamal bo‘lib xizmat qilmoqda. Qarorga muvofiq harbiy xizmatchilarning ma’naviy saviyasi va intellektual salohiyatini yuksaltirish hamda boy madaniyatimiz, azaliy qadriyatlar va an’analarimizga asoslangan dunyoqarashini shakllantirishga yo‘naltirilgan yagona tizim yaratildi. O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi tizimidagi mavjud Ofitserlar uylari Ma’naviyat va ma’rifat markazlariga, harbiy qism va muassasalardagi klublar esa Madaniyat markazlariga aylantirildi. Prezident tashabbusi bilan Mudofaa vazirligining Ma’naviyat va ma’rifat markazi huzurida «Turon» davlat harbiy teatrining tashkil etilishi esa o‘ziga xos tarixiy voqea bo‘ldi.
– Prezidentimiz, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qo‘mondoni Shavkat Mirziyoyevning tashabbusi asosida ishlab chiqilgan dasturlarni hayotga tatbiq etish, dunyoda sodir bo‘layotgan hodisalarni, harbiy va mudofaa sohasidagi yangiliklarni tahlil etgan holda ilg‘or tajribalarni o‘rganish, harbiy xizmatchilarni mutaxassisligidan kelib chiqqan holda har tomonlama tayyorlash borasida amaliy ishlar amalga oshirildi,–deydi polkovnik Farhodjon Shermatov. –Bu jarayonda askardan – qo‘mondongacha, oddiy xizmatchidan tajribali mutaxassisgacha – barcha faol ishtirok etdi . Mazkur markaz endilikda harbiy xizmatchilar va ularning oila a’zolari, shuningdek aholining ma’naviyatini, ma’rifatini yuksaltirib, madaniy hordiq ishlarini yuqori darajada tashkil etishga xizmat qilishiga ishonch bildirdi.
Yaqinda amalga oshirilgan kapital ta’mirlash va rekonstruksiya ishlari ushbu markazga “ikkinchi hayot” bag‘ishlab, bino zamonaviy va shinam ko‘rinish, ko‘rkam va muhtasham qiyofa kasb etdi.
Markaz birinchi qavatining foyesida devorga mohir haykaltarosh Kazakbay Xojamuratov tomonidan ishlangan “Karvon yo‘llariga tutash sahro” nomli barelef joylashtirilgan bo‘lib, ushbu san’at asari Qoraqalpog‘iston xalqining boy tarixi, madaniyati va san’ati, o‘ziga xos va betakror tabiati, o‘simliklar va hayvonot dunyosini o‘zida aks ettiradi. Bu yerda aks ettirilgan obrazlar baliqchilik qoraqalpoqlar uchun avloddan-avlodga o‘tib kelayotgan ota meros kasb ekanligiga ishora qiladi. Chag‘alay qushlar erkinlik va farovonlik, baliqlar esa qut-baraka timsoli sifatida asarning mazmunini boyitgan. Mazkur asarda Chilpiq, Govurqal’a, Mizdakxon kabi tarixiy ob’ektlar ham bulutlar orasida ko‘zga tashlanib turadi. Bu esa Qoraqalpog‘iston tarixi juda uzoq davrlarni o‘z ichiga qamrab olganini anglatadi.
Ta’mirlash ishlari natijasida 600 o‘ringa mo‘ljallangan konsertlar zalida sahna, o‘rindiqlar hamda yerdagi va devorlardagi qoplamalar to‘laligicha yangilanib, zamonaviylashtirildi. Qoraqalpoq xalq milliy naqshlari bilan bezak berilgan sahna va tomoshalar zali endilikda har qanday tadbirni sifatli o‘tkazish, harbiy xizmatchilar va ular oila a’zolarining mazmunli dam olishini ta’minlash uchun qo‘shimcha qulaylik yaratib beradi.
Ma’naviyat va ma’rifat markazida yaratilgan yana bir ob’ekt alohida diqqatga sazovor. Zero Mudofaa vazirligi harbiy okruglari ichida birinchi “Okrug tarix muzeyi” aynan shu yerda yaratilgan. Jami 1,5 ming eksponatdan iborat bo‘lgan muzey ekspozitsiyasidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyati tarixi, urf-odat va an’analari, hududiy bo‘linishi, tabiiy va sun’iy boyliklari, milliy liboslari, qadimiy asori-antiqalar bilan birga bu ikki zaminda yetishib chiqqan Ikkinchi jahon urushi qahramonlari, urushda qo‘shgan hissasi haqida ma’lumot beradi. 1999 yil tashkil topgan Shimoli-g‘arbiy harbiy okrugga shu davr ichida rahbarlik qilgan qo‘mondonlar haqidagi ma’lumotlar, harbiy xizmatchilarning respublika va xalqaro arenalarda qo‘lga kiritgan yutuqlari, o‘q-dori namunalari, urush yillarida foydalanilgan harbiy qurol-aslahalar o‘rin olgan. Zamonaviy dizayn va o‘zgacha did bilan yaratilgan bu muzey Qurolli Kuchlarimiz tarixining yangi sahifalaridan joy olishi shubhasiz.
O‘sib kamolga yetayotgan yoshlarni madaniyat, san’at, jismoniy tarbiya va sportga keng jalb etish, yoshlarda axborot texnologiyalaridan foydalanish ko‘nikmalarini shakllantirish, ular o‘rtasida kitobxonlikni targ‘ib qilish, xotin-qizlar bandligini oshirish bugungi kunning dolzarb vazifasi hisoblanadi. Davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan 5 ta muhim tashabbus ijrosini ta’minlash maqsadida markazning ikkinchi qavatida harbiy xizmatchilarning farzandlari uchun ingliz va rus tillari, matematika, mental arifmetika, kompyuter savodxonligi, shaxmat-shashka, raqs va badiiy gimnastika to‘garaklarining xona va zallari eng so‘nggi uslubda jihozlandi. Yurt himoyachilari va ularning oila a’zolariga qo‘shimcha qulayliklar yaratish maqsadida barpo etilga hamda zamonaviy trenajyor va sport anjomlari bilan jihozlangan fitnes hamda trenajyor zallari endilikda sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etish va solamatlikni mustahkamlash uchun xizmat qiladi.
Mudofaa vazirligi qo‘shinlari bilan real vaqt mezonida videoselektor tarzida majlis va yig‘ilishlarni, xalqaro toifadagi uchrashuv va davra suhbatlarni videokonferensiya shaklida, aloqa tizimi yordamida o‘tkazish imkoniga ega bo‘lgan 70 o‘rinli katta majlislar zali hamda 30 o‘rinli kichik majlislar zali okrug qo‘shinlarining boshqaruv tizimini yangi bosqichga ko‘tarishga qo‘shimcha imkon yaratadi.
Harbiy okrug qo‘shinlarida ro‘y berayotgan eng so‘nggi yangiliklarni tezkorlik bilan teleradiokanallar, internet va bosma nashrlari, ijtimoiy tarmoq va mesenjerlar orqali keng yoritish, ommaviy axborot vositalari bilan uzviy hamkorlikni ushlab turishga xizmat ko‘rsatayotgan okrug matbuot xizmati uchun ham mazkur majmuada alohida joy ajratilgan. Ta’mirlash ishlari natijasida harbiy okrugning blits-intervyu, olingan videotasvirlarni montaj qilish, lavha va xabarlarni tayyorlash va uzatish hamda ovoz yozish imkoniga ega bo‘lgan yangi media studiyasi barpo etildi.
Dovud ABIBULLAEV,
Maqsad HABIBULLAEV (surat), O‘zA