“El-yurt umidi” jamg‘armasi tomonidan “Istiqbolli yoshlarni xorijda tayyorlash – Yangi O‘zbekistonda kadrlar siyosatining muhim ustuvor yo‘nalishi” mavzusida III Xalqaro forum tashkil etildi.

Tadbir doirasida tashkil etilgan sessiyada raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov ishtirok etdi. Vazir o‘z nutqida “El-yurt umidi” jamg‘armasining mamlakat kadrlar siyosatidagi ahamiyati va rolini alohida ta’kidladi.

Vazir jamg‘arma tomonidan xorijda ta’lim olgan yoshlar nafaqat bilim va zamonaviy ko‘nikmalarga ega bo‘layotgani, balki ularni amaliyotga tatbiq etish orqali yurtimizni yangi texnologiyalar va innovatsiyalar bilan boyitayotganini qayd etdi.

Yoshlar xorijda o‘qib qaytgach, o‘z sohalarida yuqori natijalarga erishishi mamlakatning raqamli rivojlanishi va iqtisodiy yuksalishiga xizmat qilishini qo‘shimcha qildi.

Xorijdagi vatandoshlar, jumladan, jamg‘arma bitiruvchilari o‘z bilim va tajribalarini Vatan taraqqiyotiga yo‘naltirishi kerakligi aytildi.

Mazkur forum nafaqat “El-yurt umidi” jamg‘armasi stipendiatlari uchun, balki butun mamlakatning intellektual salohiyatini rivojlantirish uchun muhim qadam bo‘ldi.

N.Rahmonova, O‘zA