Koreyaning “Clean Portal” platformasi tajribasi asosida “O‘zbekistonda korrupsiya holatlari haqida xabar berishning samarali mexanizmini yaratish” loyihasi amalga oshirilmoqda.

Bu Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi, BMT Taraqqiyot dasturining O‘zbekistondagi vakolatxonasi hamda Janubiy Koreyaning Korrupsiyaga qarshi kurash va fuqarolik huquqlari bo‘yicha komissiyasi hamkorligida amalga oshirilmoqda.

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi axborot xizmatidan ma’lum qilishlaricha, loyiha doirasida «Korrupsiyaga qarshi kurashda korrupsiya haqida xabar berishning o‘rni va ta’siri» mavzusida so‘rovnoma o‘tkazildi.

Tadqiqotda respondentlarning 74 foizi korrupsiya holatlari haqida xabar berishga va 82,2 foizi elektron platforma yoki mobil ilova orqali xabar berishga tayyorligini bildirgan.

Korrupsiya holatlari haqida xabar bermaslikning asosiy sabablari sifatida korrupsiyadan o‘zlari manfaatdorligi (19,8%) va kimga murojaat qilishni bilmasligini (20,4%) qayd etishgan.

13,8 foizi esa minnatdorchilik sifatida sovg‘a berishni oddiy hol deb hisoblashini, 7,4 foizi bunday harakatlarni korrupsiya holati deb bilmasligini ta’kidlagan.

Mazkur so‘rovnoma natijalari O‘zbekiston Respublikasining «Korrupsiyaga oid huquqbuzarlik haqida xabar bergan shaxslarni himoya qilish to‘g‘risida»gi qonun loyihasida aks ettiriladi. Ya’ni, korrupsiyaga oid huquqbuzarliklar haqida xabar bergan shaxslarni himoya qilish bo‘yicha zarur asoslar yaratiladi.

Bu korrupsiya haqida xabar bergan shaxslarni himoya qilish bo‘yicha ta’sirchan choralar ko‘rish va ularni rag‘batlantirish bilan bog‘liq samarali mexanizmlarni yaratishga xizmat qiladi.

Ayni paytda “Clean Portal” platformasi ilg‘or yutuqlari asosida murojaatlarni qabul qilish bo‘yicha markazlashtirilgan yagona elektron tizim ishlab chiqilib, hozirda ushbu tizimni ishga tushirish choralari ko‘rilmoqda.

N.Abduraimova, O‘zA