Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti Nukus filialida “Veterinariya meditsinasi, chorvachilikdagi dolzarb muammolar va ularning yechimlari” mavzusida xalqaro ilmiy texnik anjuman o‘tkazildi.

Onlayn va oflayn tarzda o‘tkazilgan anjumanda Iroq, Rossiya, Belarus, Qozog‘iston va Qirg‘iziston davlatlarning oliy o‘quv yurtlari va ilmiy-tadqiqot instituti olimlari, O‘zbekiston Respublikasi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasi rahbariyati, yurtimizdagi ilmiy-tadqiqot ishlari bilan shug‘ullanayotgan professor-o‘qituvchilar hamda yosh olimlar ishtirok etdi.

Qariyb o‘nga yaqin  mamlakatdan o‘ttiz nafardan ortiq olimni jalb etgan ushbu anjuman filialning veterinariya va chorvachilik sohasi bo‘yicha yetuk kadrlar tayyorlashda zamonaviy ta’lim va soha bo‘yicha ilmiy-tadqiqotlar uchun muhim markazlardan biri ekanligini isbotlaydi. Bugungi kunda jahonda jadal rivojlanib borayotgan veterinariya va chorvachilik sohasiga qiziquvchan dunyoning turli nuqtalaridagi  tadqiqotchilar va yosh olimlar, amaliyotchilarni birlashtirishga qaratilgan anjumanning asosiy maqsadi – mamlakatimizda chorvachilik va veterinariya meditsinasining dolzarb muammolarini muhokama qilish, bu sohadagi innovatsion yondashuvlarni joriy etish, chorvachilik sohasida olib borilayotgan islohotlarning iqtisodiy samaradorligini yanada oshirish yo‘llarini muhokama qilishdan iborat.

Tadbirda ishtirokchilar tomonidan veterinariya sohasidagi yangi ilmiy yutuqlar, chorvachilikda yuzaga kelayotgan muammolar, ularni oldini olish va bartaraf etish bo‘yicha ilg‘or tajribalar muhokama etildi. Anjumanda yurtimizdan 100 nafardan ziyod  tadqiqotchi olim, professor-o‘qituvchi qatorida filialning “Veterinariya meditsinasi va farmakologiyasi” kafedrasi o‘qituvchisi, yosh tadqiqotchi J.Rejepbayev ham o‘zining “Buzoqdagi raxit kasalligi tarixi, belgilari va davolash” mavzusidagi ilmiy maqolasi bilan faol ishtirok etdi.

–  Buzoqdagi raxitning dolzarbligi shundaki, u chorvachilikda mahsuldorlikka to‘sqinlik qiladi. Hayvonlarning o‘sishi sekinlashadi, ularning suyaklari yumshab, deformatsiyalanadi. Bu esa uning foydalanishga yaroqliligini pasaytiradi – deydi J.Rejepbayev – Shu sababli, bu kasallikni oldini olish va davolash choralariga e’tibor berish nafaqat hayvonlarning salomatligini, balki chorvachilik sohasining barqarorligini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etadi.

Anjuman davomida yosh tadqiqotchilar P.Allaniyazovga iqtisodiyot fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) va J.Rejepbayevga Veterinariya fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) diplomlari topshirildi.
Tadbirga onlayn tarzda ishtirok etgan akademik D.N.Pryanishnikov nomidagi Perm davlat agrotexnologiyalar universiteti prorektori, qishloq xo‘jaligi fanlari nomzodi, dotsent E.Akmanayev mazkur anjuman nafaqat filialning xalqaro miqyosdagi nufuzini oshirish, balki mintaqadagi soha bo‘yicha ta’lim yutuqlarini ko‘rsatib berishga va yanada rivojlantirishga xizmat qilishini ta’kidladi.

– Filial tomonidan tashkil etilgan anjuman veterinariya va chorvachilik sohasida yangi ilmiy yutuqlarni joriy etish, dolzarb masalalarni yechish va zamonaviy texnologiyalarni keng qo‘llash uchun imkoniyat yaratadi – deydi Qirg‘iz Respublikasi Osh davlat universiteti professori, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori A.Abdurasulov. – Shuningdek, veterinariya va chorvachilik sohasida hamkorlikni yanada rivojlantirish va ilmiy tajribalarni almashish uchun katta maydon bo‘lib xizmat qiladi.
Tadbirda veterinariya meditsinasi faqat hayvonlar salomatligini saqlash bilan cheklanmasligi,  shuningdek, inson salomatligiga bevosita ta’sir ko‘rsatadigan soha ekanligi, hayvonlardan yuqadigan kasalliklarning oldini olish ham muhim ekanligi alohida ta’kidlandi.

Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri