“Yosh bojxonachi” to‘garagi doirasida o‘tkazilayotgan nazariy o‘quv mashg‘ulotlari bojxona postlariga chiqqan holda amaliy mustahkamlanmoqda.

Nukus shahridagi 31-sonli umumta’lim maktabining “Yosh bojxonachi” to‘garagi a’zolari “Nukus aeroporti” chegara bojxona postida bo‘lib, ushbu post faoliyati, bojxona chegaralari orqali harakatlanish tartibotlari amaliyotini o‘tashdi.

Bojxona nazorati va bojxona rasmiylashtiruvi bo‘yicha o‘quv mashg‘ulotlari davomida berilgan nazariy bilimlar, bojxona postidagi nazorat texnik vositalari, axborot dasturlaridan foydalanish istiqbollarini amaliy ko‘rgan o‘quvchilar uchun katta ko‘nikmaga aylandi. Ushbu tashrif ularning bojxona organlari faoliyati haqida aniq taassurotga ega bo‘lishiga xizmat qildi.

Xalqaro aeroportlarda bojxona nazoratining amalga oshirilishi, “qizil” va “yashil” yo‘laklar ahamiyati, skaner qurilmalarining imkoniyatlari, tahlil qilish qobiliyatlari haqida tushunchalarga ega bo‘lgan o‘quvchilar, sayyor o‘quv mashg‘uloti davomida o‘zlarini qiziqtirgan barcha savollarga javob oldi. Postda xizmat qilayotgan xizmat itlari faoliyati yoshlarda alohida qiziqish uyg‘otdi.

Ko‘rgazmali chiqishlarni tomosha qilgan o‘quvchilar to‘rt oyoqli ko‘makdoshlar imkoniyatidan bojxona nazoratini amalga oshirishda foydalanish samaralariga guvoh bo‘lishdi.

Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri