Poytaxtimizdagi «Xalqlar do‘stligi» saroyida O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 29 yilligi hamda 14 yanvar – Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan tantanali tadbir tashkil etildi.
14 yanvar – Vatan himoyachilari kuni
Unga Mudofaa, Davlat xavfsizlik xizmati, Milliy gvardiya, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Bojxona xizmati va sohaga daxldor bo‘lgan bir qator tuzilmalarning xodimlari, faxriylar, harbiy akademiyalar, bilim dargohlarining kursantlari, ularning oila a’zolari, keng jamoatchilik vakillari taklif etildi.
Davlatimiz madhiyasi yangraydi.
Prezidentimiz, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qo‘mondoni Shavkat Mirziyoyevning O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 29 yilligi va Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan yo‘llagan bayram tabrigini O‘zbekiston Respublikasi mudofaa vaziri, general-leytenant Bahodir Qurbonov o‘qib eshittirdi.
Tinch va osoyishta hayotimiz, yorug‘ va bexavotir kunlarimiz harbiylarning fidoyiligi, sadoqati, matonatiga bevosita bog‘liqdir. Mamlakatimizda mudofaa sohasini tubdan isloh etish, uni tezkor zamon talabiga monand tarzda muttasil takomillashtirib borishga alohida e’tibor qaratilmoqda. 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi asosida O‘zbekiston Respublikasining konstitutsiyaviy tuzumi, suvereniteti, hududiy yaxlitligini muhofaza qilish,
davlatning mudofaa salohiyatini mustahkamlash, Qurolli Kuchlarning jangovar qudrati va qobiliyatini oshirish kabi yo‘nalishlarda tizimli ishlar olib borilmoqda.
Prezidentimiz, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qo‘mondoni Shavkat Mirziyoyevning O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 29 yilligi va Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan yo‘llagan bayram tabrigida ўтган qisqa davrda yangi Mudofaa doktrinasi qabul qilingani, harbiy tuzilmalarning tarkibi va vazifalari chuqur qayta ko‘rib chiqilgani, milliy armiyamizni zamonaviy qurol-yarog‘ va texnika vositalari bilan ta’minlash bo‘yicha o‘ta muhim loyihalar amalga oshirilgani alohida ta’kidlanadi.
Darhaqiqat, mamlakatimiz tarixida birinchi marta o‘z mohiyatiga ko‘ra noyob tizim – harbiy-ma’muriy sektorlar tashkil etildi. Bu esa joylardagi davlat hokimiyati organlarini mamlakatimiz mudofaa qudratini mustahkamlashga faol jalb etish uchun imkon berdi. “Armiya va xalq – bir tanu bir jondir” degan ulug‘ g‘oyani amalda ta’minlash yo‘lidagi sa’y-harakatlar natijasida bugungi kunda O‘zbekiston Qurolli Kuchlari respublikamiz mustaqilligi, xalqimizning tinch va osoyishta hayotini ishonchli himoya qilishning chinakam kafolati bo‘lmoqda.
G‘oyat murakkab va sinovli tarzda mamlakatimiz, butun xalqimiz boshidan o‘tgan 2020 yildagi og‘ir pandemiya davrida ham harbiylar koronavirus balosini bartaraf etish borasidagi kurashda oldingi safda bo‘ldilar. Harbiy shifokorlar bemorlarning hayoti uchun minglab tibbiyot xodimlari bilan yelkama-yelka fidoyilik ko‘rsatgan bo‘lsalar, Mudofaa, Favqulodda vaziyatlar, Ichki ishlar vazirliklari, Davlat xavfsizlik xizmati, Milliy gvardiya tizimi vakillari epidemiologik barqarorlikni ta’minlash, jamoat tartibini, metin intizomni saqlashga oid sa’y-harkatlarda peshqadam bo‘lganini xalqimiz ko‘rib, bilib, o‘zi guvohi bo‘lib turdi.
Mamlakatimiz harbiylarining fidoyiligi, mardlik va matonat namunasi el boshiga yana bir og‘ir sinovlar tushgan damlarda – Sirdaryo hamda Buxoro viloyatlaridagi noxush vaziyatlarda tag‘in namoyon bo‘ldi.
Vatan himoyachilari bayramining qutlug‘ shukuhi kezib yurgan shu kunlarda ko‘plab soha fidoyilari uchun yangi turar joylar qurib, foydalanishga topshirilmoqda. Soha vakillarini har jihatdan qo‘llab-quvatlash maqsadida ularning oliy ta’lim olishi, ijtimoiy muhofazasi, har jihatdan rag‘bati borasida yangi imkoniyatlar yaratilayotgani e’tiborga molikdir.
Davlatimiz rahbarining farmoni asosida mamlakatimiz mustaqilligini mustahkamlash, uning mudofaa qobiliyatini yanada yuksaltirish, yurtimiz sarhadlarining xavfsizligini ta’minlash borasidagi fidokorona va sidqidildan jonbozligi uchun harbiy yo‘nalishdagi bir qator vazirlik va idoralar, tuzilmalarning vakillari Vatanimizning yuksak unvonlari, orden va medallari bilan taqdirlandi. Bu esa o‘z jonfido, halol, sidqidildan qilingan mehnat mamlakatimizda doimo e’tibor va e’zozda ekanining yana bir yorqin ifodasidir.
– Bu sohaga bolalikdan qiziqaman, – dedi O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi vzvod komandiri, “Jasorat” medali sohibi Muhammadsoli Do‘stqulov. – Aksariyat kasbdoshlarim kabi harbiylik nainki kasb, balki yurak da’vati, umr mazmuni, oriyat, sha’nu sharaf timsoliga aylangan muqaddas tushunchadir. O‘zi tug‘ilib o‘sgan yurtni, o‘z xalqini, uning musaffo osmonini asrab-avaylash, xavfsizligini ta’minlash, bizni oq yuvib, oq taragan shu aziz Vatan taqdiriga, uning kelajagiga mas’uliyat bilan qarash sharafli burchimizdir.
Zalga harbiylar, ularning ota-onalari, umr yo‘shdoshlari, farzandlari, yaqinlari jam bo‘lgan. Matonatli harbiylarni ko‘rganda ularning o‘ktamligi, metin irodasi har qaysi inson jilla qursa farzandlari aynan ular kabi mard, qat’iyatli, sabotli bo‘lib kamolga yetishini orzu etishi aniq. Darhaqiqat, temir intizomni, Vatanga mehr-muhabbatni, hayotning, yaqinlarning qadrga yetishni ulardan har qancha o‘rgansak arziydi.
… Jo‘shqin navolar yangraydi. Harbiy-vatanparvarlik ruhidagi kuy-qo‘shiqlarning avji ham, zavqu fayzi ham o‘zgacha. Ular qalbga quvvat, shukuh, ko‘tarinkilik bag‘ishlashi tayin. Tizimdagi badiiy jamoalar, ashula va raqs ansambllari, orkestrlarning rang-barang chiqishlari, san’at ustalari va ijrochi yoshlar ishtirokidagi musiqiy dastur tantanali tadbirga samimiyat, o‘zgacha bayramona ruh bag‘ishladi. Darhaqiqat, posbonlarimizni har qancha sharaflasak, ehtirom ko‘rsatsak arzirli! Tantana ishtirokchilari “Tinchlik uchun!” qo‘shig‘ini baralla ijro etdilar. Chindan ham, posbonlarimizning barcha sa’y-harakati, umr mazmuni yurtda mudom tinchlik barqaror bo‘lishi uchun yo‘naltirilgandir.
Tantanali tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Norboyeva, Qonunchilik palatasi Spikeri Nuriddin Ismoilov, O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov ishtirok etdi.
Nazokat USMONOVA, Oqil G‘ULOMOV (surat), O‘zA.