Kobul shahrida Afg‘oniston va O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan mahsulotlar qo‘shma ko‘rgazmasi ochildi.
Ma’lumki, bu ikki qo‘shni davlat bozori bir-biri uchun istiqbolli hisoblanadi. Shu bois o‘zaro iqtisodiy, savdo aloqalari ko‘lamini yanada kengaytirish masalasiga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Maydondagi mavjud 100 ta ko‘rgazma maydonchasidan 15 tasi o‘zbekistonlik sarmoyadorlar uchun ajratilgan.
Ko‘rgazmani tashkil etishda “O‘zbekistonda biznesni rivojlantirish” va “O‘zbekiston eksportchilari” uyushmalari, eksportchilar uyushmasining hududiy bo‘linmalar faoliyatini muvofiqlashtirish, mahalliy tadbirkorlar bilan ishlash bo‘limlari, shuningdek, Afg‘oniston Islom Respublikasidagi vakolatxonasi mas’ullari tashabbus ko‘rsatishdi.
Qayd etish joiz, mamlakatimizda ishlab chiqarilgan mahsulotlar ko‘pchilik mijozlarda jiddiy qiziqish uyg‘otyapti. Ishtirokchilar namoyishga qo‘yilgan mahsulotlarimizning sifati, bejirimligi va zamonaviyligini e’tirof etishmoqda. Tabiiyki, bu holat ikki mamlakat tadbirkorlari o‘rtasida tovar almashinuvi bo‘yicha istiqbolli hamkorlik loyihalarini amalga oshirish imkoniyatini kengaytiradi.
Tashkilotchilar o‘zaro manfaatli va mamlakatlarimiz uchun har tomonlama foydali bunday tadbirlarni muntazam o‘tkazish maqsadga muvofiqligini ta’kidlashmoqda.
Diyoraxon Nabijonova,
“O‘zbekiston eksportchilari” uyushmasi matbuot kotibi.
O‘zA