Insultni dastlabki 4 soatda sun’iy intellekt yordamida aniqlash usulini O‘zbekistonda joriy etish rejalashtirilmoqda.
Shu maqsadda Innovatsion sog‘liqni saqlash milliy palatasi Qozog‘istonning «Cerebra.ai Ltd.» kompaniyasi bilan hamkorlik o‘rnatgan.
O‘zbekiston Respublikasi va Qozog‘iston Respublikasi o‘rtasida sog‘liqni saqlashni raqamlashtirish borasida xalqaro hamkorlik rivojiga hissa qo‘shishga oid memorandum imzolandi.
Milliy palata tomonidan qozog‘istonlik hamkorlar bilan birgalikda O‘zbekistonda sun’iy intellektni joriy etgan holda tibbiy xizmat ko‘rsatish bo‘yicha ilk loyihani amalga oshirish rejalashtirilyapti. Ya’ni ishemik va gemorragik insultlarni avtomatlashtirilgan holda tashhislash bo‘yicha «Serebra» tizimini joriy etish ko‘zda tutilgan.
«Serebra» platformasiga joriy etilgan sun’iy intellekt davolash muassasalarida o‘rnatilgan kompyuter tomografiyasi bilan integratsiyalashganidan keyin insultni dastlabki 4 soatda aniqlash imkonini beradi.
Sun’iy intellekt insult yadrosi to‘qima zichligidagi o‘zgarishni miyaning boshqa shikastlanmagan to‘qimasi bilan solishtirgan holda hisoblashga qodir. Bu, o‘z o‘rnida, bosh miya kompyuter tomografiyasining vizual ma’lumotlarini tahlil qilishda inson xatosini imkon qadar kamaytirishga olib keladi.
«Bemorga o‘z vaqtida davo belgilash mazkur loyihani joriy etishning natijasi sanaladi. Bu inson salomatligi uchun muhim bo‘lgan eng oddiy funksiyalarni, mehnat qilish qobiliyatini yo‘qotish xavfini pasaytiradi hamda insultni boshidan kechirgan insonni tezda to‘laqonli hayotga qaytarish imkonini beradi» deb ta’kidladi Innovatsion sog‘liqni saqlash milliy palatasi raisi Rovshan Izamov.
Memorandumni imzolash paytida tomonlar yaqin ikki hafta ichida Milliy palata mutaxassislari tomonidan Almati shahrining 7-sonli shahar shifoxonasida noyob «Serebra» tizimining ishlashi tahlil qilinishiga kelishib oldilar.
O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion sog‘liqni
saqlash milliy palatasi matbuot xizmati