SportTanlash

Ro‘yxatdan o‘ting
0
19:42 / 14.01.2021

Nukusda kurash bo‘yicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi prokurori kubogi uchun musobaqa bo‘lib o‘tdi.

Tantanali ochilish marosimidan so‘ng kurash federatsiyasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘limining o‘tgan yilgi faoliyati sarhisob qilinib, «Yilning eng yaxshi treneri», «Yilning eng yaxshi hakami», «Yilning eng yaxshi sportchisi», «Yilning eng yaxshi hamkor tashkiloti», kurash sport turini targ‘ib qilgan eng yaxshi ommaviy axborot vositasi xodimi va boshqa nominatsiyalar bo‘yicha g‘oliblarga tashakkurnoma hamda esdalik sovg‘alari topshirildi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi prokuraturasi, Jismoniy tarbiya va sport vazirligi, O‘zbekiston kurash federatsiyasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘limi tomonidan hamkorlikda tashkil etilgan musobaqada 6 ta jamoadan 53 nafar o‘smir va 12 nafar qiz o‘zaro kuch sinashdi.

O‘z vazn toifalarida o‘smirlar o‘rtasida Anvar Allambergenov, Atabek Begaliyev, Menlibek Yuldashev, Zarapatdin Turdimuratov, Rufat Begaliyev, qizlar o‘rtasida Biybiro‘za Qollibekova, Indira Yelmuratova birinchi o‘rinlarni egalladi.

– Darhaqiqat davlatimiz rahbarining 2020 yil 4 noyabrdagi “Kurash milliy sport turini rivojlantirish va uning xalqaro nufuzini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori mardlik, jasurlik, vatanparvarlik, gumanizm g‘oyalarini o‘zida mujassam etgan milliy sportimiz bo‘lgan kurashni ommalashtirish muhim ahamiyat kasb etadi, –deydi O‘zbekiston kurash federatsiyasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘limi ijrochi direktori Serik Jusipbekov. – Qaror doirasida qabul qilingan «Yo‘l xaritasi»da belgilangan chora-tadbirlar esa kurashni kelgusida Xalqaro olimpiya o‘yinlari dasturiga kiritishga xizmat qiladi.

G‘oliblarni Qoraqalpog‘iston Respublikasi prokurori, O‘zbekiston kurash federatsiyasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘limi raisi F.Allambergenov qutlab, ularga diplom, medal hamda esdalik sovg‘alarini topshirdi. Uning yakuni bo‘yicha shakllangan jamoa Toshkent shahrida Bosh prokuror sovrini uchun bo‘lib o‘tadigan musobaqada ishtirok etadi.

 

Dovud ABIBULLAEV, 

Maqsad HABIBULLAEV (surat), O‘zA