Kecha AQSH kongressi vakillar palatasi ko‘pchilik ovoz bilan amaldagi prezident Donald Trampga nisbatan impichment e’lon qildi. Ushbu qarorni Trampning o‘n nafar partiyadoshi ham qo‘llab-quvvatlagan. Shundan keyin davlat rahbari murojaat bilan chiqdi, ammo murojaatda impichment mavzusiga izoh berilmagan. Bunday voqea AQSH tarixida ilk bor kuzatilmoqda.
Amaldagi prezidentni bo‘shatish uchun 232 nafar kongressmen ovoz berdi, 197 deputat qarshi chiqdi. Shu tariqa u AQSH tarixida ikki marta impichment e’lon qilingan ilk prezident bo‘ldi.
Trampga nisbatan isyon uyushtirish aybi qo‘yilmoqda. Vakillar palatasi rezolyutsiyasida prezident “og‘ir jinoyat va nojo‘ya ish qilgan”, deya ta’rif berilmoqda.
Davlat rahbarini hokimiyatdan muddatidan oldin chetlatish uchun senatda impichment e’lon qilish yetarli. Binobarin, yuqori palata spikeri, respublikachi Mitch Makkonell senatorlar bu ishni davlat rahbari vakolati tugagunga qadar, ya’ni 20 yanvargacha amalga oshirmaydi, deya bayonot bergan. Impichmentni keyinroq, ya’ni prezident o‘z lavozimini tark etgandan keyin e’lon qilish mumkinmi, degan savol esa, hozircha, ochiq qolyapti. Sababi, kongress tarixida bunday amaliyot hali uchramagan.
“Mamlakat uchun tahdid”
Vakillar palatasi majlisi chorshanba kuni kechgacha davom etdi. Palata spikeri Nensi Pelosi o‘z chiqishida Trampning xavfli ekani va albatta, ketishi kerakligini aytgan.
“Ushbu isyonga Qo‘shma Shtatlar prezidenti o‘t yoqqani hammamizga ma’lum, qurolli chiqish mamlakatimizga qarshi uyushtirildi. U ketishi kerak. Tabiiyki, u biz yaxshi ko‘radigan mamlakat uchun eng xavfli shaxs hisoblanadi”, – deya ta’kidlagan Pelosi.
Palata ichki tartibi bo‘yicha qo‘mita rahbari Jorj Makgovern esa Tramp rahbarligida Kapitoliyga hujum qilganlar ko‘zlarida “yovuzlik nishonasini ko‘rgan”ini ta’kidlagan.
Uning aytishicha, kongress binosi ichida qolgan xodimlar telefon orqali oila a’zolariga binodan chiqa olishiga ishonmay, vidolashuv xabarnomalarini jo‘natgan. “Mazkur norozilik namoyishi, bu isyon. Mamlakatimizga qarshi Donald Tramp tomonidan ilhomlantirilgan va yaxshi tashkillashtirilgan hujum”, – deydi kongressmen.
Trampga partiyadoshlari ham qarshi
AQSH kongressi vakillar palatasining 10 nafar respublikachi a’zosi impichment e’lon qilinishiga rozilik bildirdi.
Ommaviy axborot vositalari sobiq vitse-prezident Dik Cheynining qizi, kongressning respublikachi a’zosi Liza Cheyni Tramp “olomonni chaqirib, to‘plaganlikda va AQSH Kapitoliysiga hujum olovini yoqqanlikda” ayblagani to‘g‘risida yozgan.
Tramp murojaati
Tramp vakillar palatasi impichment e’lon qilgandan keyin ommaga videomurojaat yo‘llab, yana bir bor zo‘ravonlikni qoraladi, odamlarni yarashishga chaqirdi, biroq impichment masalasida izoh bermadi. Yakunda amerikaliklarni butun e’tiborni mamlakat manfaati uchun jipslashishga, birlashishga chaqirdi.
Shu bilan birga, Oq uy rahbari videomurojaatda so‘z erkinligiga tahdid kuchayganini ham ta’kidlagan. Bu bilan ijtimoiy tarmoqda o‘z akkauntlari yopib qo‘yilganiga sha’ma qilgan. “Hozir keskin va murakkab davr: senzurani kuchaytirish, huquqni tortib olish va fuqarolarimizni qora ro‘yxatga kiritish noto‘g‘ri va xavflidir”, – degan u.
Tramp kishilarni “bir-birini sukut saqlashga undash emas, balki bir-birini eshitishga” chaqirgan.
Kapitoliyda, asli, nima bo‘lgan edi?
Darvoqe, 6 yanvar kuni Tramp Oq uy yaqinida uyushtirilgan mitingda so‘zga chiqib, o‘z tarafdorlarini saylov natijalarini muhokama qilish uchun “kuchsiz respublikachilarga” yordam berishga chaqirib, Kapitoliyga borishga undagan. Shu kuni kongressda saylov yakunlariga uzil-kesil nuqta qo‘yish bo‘yicha majlis bo‘layotgandi.
Shundan so‘ng olomon Kapitoliy binosini o‘rab olib, bino ichiga bostirib kirdi va demokrat Jo Baydenning prezidentlik saylovidagi g‘alabasini tasdiqlash yuzasidan bo‘lib o‘tayotgan kongress qo‘shma sessiyasi ishini to‘xtatib qo‘ydi. Tartibsizlik besh kishi hayotiga zomin bo‘ldi.
Shundan keyin demokratlar vitse-prezident Mayk Pensni konstitutsiyaga kiritilgan 25-tuzatishga muvofiq, o‘z vazifasini bajara olmayotganlikda ayblab, Trampni lavozimidan chetlatishga chaqirdi. Pens esa ushbu jarayon ko‘p vaqt olishini ro‘kach qilib, bu ishni amalga oshirishdan bosh tortdi. Zero, shunday ham 20 yanvarda Trampning prezidentlik vakolati nihoyasiga yetadi.
Saidmurod RAHIMOV, O‘zA