Yevropa Ittifoqining firibgarlikni nazorat qiluvchi tashkiloti (OLAF) Frontex chegara agentligi ustidan tekshiruv o‘tkazdi.

OLAF muxojirlarni Yevropa Ittifoqi mamlakatlari qirg‘oqlariga yetib kelishini to‘xtatishga qaratilgan ta’qiblar, noto‘g‘ri xatti-harakatlar va noqonuniy operatsiyalar bo‘yicha ayblovlarni ko‘rib chiqmoqda. Bu haqda “Euronews” telekanali xabar berdi.

Ammo tergov davom etayotgani sababli tashkilot boshqa izoh bermayapti. Chunki bu tergovdan keyingi sud ishlarini yuritish, shaxsiy ma’lumotlar va protsessual huquqlarning maxfiyligini himoya qilish uchun hizmat qiladi.

Bunga javoban Frontex “Euronews” telekanaliga OLAF bilan to‘liq hamkorlik qilayotganini ma’lum qildi. Shuningdek, OLAFning Yevropa Ittifoqi agentliklari, muassasalari va tashkilotlariga tashrifi yaxshi boshqaruvning odatiy amaliyoti ekani va bunday tekshiruvlar har qanday qonunbuzarlikning oldini olishi ta’kidlangan.

Biroq, Yevrokomissiya vakillari tergov to‘g‘risida jim bo‘lib qolishdi. Ma’lumki, Frontex xalqaro huquqni buzganlik va yomon boshqaruv to‘g‘risidagi ayblovlarga birinchi marta duch kelishi emas.