Yurtimizda yaratilayotgan imkoniyatlarga qaramay, ayrim tadbirkorlar tomonidan bojxona nazoratidan yashirgan holda noqonuniy ravishda tovarlarni olib kirish holatlari uchramoqda.

Navoiy viloyati bojxona boshqarmasi “Tinchlik” TIF bojxona posti xodimlari tomonidan Germaniya davlatidan olib kelingan tovarlar bojxona ko‘rigidan o‘tkazilganda vakolatli shaxs tomonidan taqdim etilgan hujjatlarda ko‘rsatilganidan 6 nomdagi tovarlar kam kelganligi aniqlangan. Shuningdek, tashuvchi va yuk qabul qiluvchi ayni bir shaxs bo‘lganligi bojxona xodimlarida shubha uyg‘otgan.

Boshqarma tezkor xodimlari bilan hamkorlikda tashkil etilgan tadbir davomida yuqoridagi tovarlarni TIF bojxona postiga kelguniga qadar tashuvchi tomonidan avtotransport yukxonasi noqonuniy tarzda ochilib, tovarlarni uyiga tushirib kelganligi aniqlandi.O‘tkazilgan tezkor tadbir davomida bojxona nazoratidan yashirilgan umumiy qiymati qariyb 300 million so‘mlik avtotransport ehtiyot qismlari vaqtincha saqlovga olindi.

Shuningdek, Navoiy xalqaro aeroportiga xorijiy aviareys bilan yuborilgan kurerlik jo‘natmalari bojxona xodimlari tomonidan xolislar ishtirokida bojxona ko‘rigidan o‘tkazilganda 2 ta holatda bojxona nazoratidan yashirilgan va hujjatlarda ko‘rsatilmagan umumiy qiymati 28,1 million so‘m bo‘lgan erkaklar va ayollar uchun mo‘ljallangan poyabzal hamda ustki kiyim-bosh mahsulotlari borligi aniqlandi.

Hozirda mazkur holatlar yuzasidan tergovga qadar surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

 

Abduvali BO‘RIEV, O‘zA