Ortda qolgan 2020 yil kishilik tarixida ham vaqt, ham mazmun jihatlaridan ajralib turadi. Agar tojli og‘u (COVID-19) degan bir balo butun dunyoni qamrab olmaganida, u, hechqursa, Tokio olimpiadasi o‘tgan sana sifatida esda qolishi turgan gap edi. Biroq…

Yuz yil burun ham insoniyat mana shunday falokatga yo‘liqqan. 1918-1920 yillarda quturgan ispancha grip0.5 milliard odamni, ya’ni yerliklarning 30 foizini o‘z domiga tortib, taxminlarga qaraganda, kamida 20 million, ko‘pi bilan 100 millionga aholining yostig‘ini quritgan.

Tojli og‘uga esa, hozirgacha 90 million kishi – 7.84 milliarddunyo aholisining 1,14 foizi chalindi, undan 2 millionga yaqini olamdan o‘tdi. Bir qaraganda, yangi og‘u tufayli tug‘ilgan kasalning jahon miqyosida tarqalishini bildiradigan pandemiyaning bu galgisi bir asr burungisidan yengilroq kechayotgandek. Yo‘q, bunday emas, deb sanaymiz. O‘tgan yuz yil ichida sog‘liqni saqlash tizimida, ayniqsa, yuqumli kasalliklarning oldini olish va ularga qarshi kurashish borasida yuz bergan keskin ijobiy o‘zgarishlar tojli og‘u tig‘ini susaytirishda hal qiluvchi omillardan biri bo‘ldi, desak adashmaymiz. Yana bir omil esa Prezidentimizning mana bu so‘zlarida o‘z ifodasini topgan: “Kuchli va samarali boshqaruv tizimiga, bir yoqadan bosh chiqarib yashaydigan aholiga ega bo‘lgan davlatlar pandemiyaning keng tarqalish xavfini o‘z vaqtida bartaraf etishga qodir bo‘ladi”.

Demak, samarali tibbiyot va boshqaruv tizimlarisiz tojli og‘uni yengib bo‘lmaydi va “buni O‘zbekistonning pandemiya davridagi kurash tajribasi ham isbotlab turibdi”.

Masalaga xoh falsafiy, xoh voqelik nuqtai nazarlaridan yondashaylik, pandemiya fojiasi kishilik va har bir davlathamda millat uchun o‘ziga xos imtihon bo‘lganini ko‘pchilik tan olmoqda. Shu ma’noda, tojli og‘u yurtimizga xavf tug‘dirgan ilk kunlardan unga qarshi kurash ishiga bosh-qosh bo‘lgan milliy yetakchimiz ilgari surgan uch omilga pandemiyadan-da ko‘ra kengroq doirada to‘xtalib o‘tishni joiz sanaymiz: sinov, millatni asrash va jarayondan kuchli bo‘lib chiqish.

Sinov

Qadimgi Turon yerlariga odam qadami yetganiga 1 yarim million yil to‘lgani haqida ilmiy qarashlar bor. 7-8 ming yil oldin o‘troq ekin-tikinchilik madaniyati shakllana boshlagani ham yaxshi ma’lum. O‘zbeklar yurtida shaharchilik kurtak yozganiga ham 4 ming yil bo‘lgan. Oradan ming yil o‘tib esa, ajdodlarimiz davlatchilik asoslarini yarata boshlagan.

Kamida 2700 yillik davlatchilik o‘tmishiga ega biz o‘zbeklar kishilikning “beshigi”ni tebratganlardanmiz, desak oshirib yubormagan bo‘lamiz. Jahon xalqlari tarixining so‘nggi deyarli 3000 yillik taraqqiyotida yuz bergan hal qiluvchi o‘zgarish, burilish, “uyg‘onish”larning ko‘pchiligi aynan biz va o‘zagida biz turgan kenglik bilan bog‘liqligini hech kim inkor qilolmaydi.

Biroq oxirgi besh asrda sustlashdik, sustlashganda ham yomon sustlashdik. Buni o‘sha ispancha grip tarqalishi-yu bolsheviklar balosi paydo bo‘lishiga sal qolib turgan 1917 yil yozida ulug‘ jonkuyarmiz Abdurauf Fitrat ham sezgan: “Ey Ulug‘ Turon, arslonlar o‘lkasi! Senga ne bo‘ldi? Holing qalaydir? Nechuk kunlarga qolding? Ey Temurning…shonli beshigi! Qani u chiqdig‘ing yuksak o‘rinlar? Qullik chuqurlarig‘a nedan tushding?! Dunyoni “urho”lari bilan titratkan yo‘lbars yurakli bolalaring qani? Yer tuprog‘ini ko‘klarga uchiraturg‘an tog‘ gavdali o‘g‘lonlaring qani? Nechun tovushlari chiqmaydir? Yer yuzining bir necha polvonlari bo‘lgan botir turklaring qani? Nechun chekindilar? Nechun ketdilar? Kurash maydonlarini o‘zgalarga nechun qo‘ydilar? Nechun… Nechun… nechun..?

Gapur menga, ey Ulug‘ Turon, arslonlar o‘lkasi! Senga ne bo‘ldi?! Yer yuzining buyuk saltanatlarini sen qurmadingmi? Hindistonning, Eronning, Ovro‘paning ulug‘ xoqonlarini sen yubormadingmi? Ey xoqonlar o‘chog‘i! Ey qahramonlar tug‘ilgan yer! Qani u chaqmoq chaqishli botir xoqonlaring? Qani avvalg‘i o‘q yurushli, otli beklaring? Nechun «urho»laring eshitilmaydir?

… Kuchingmi ketdi? Kimsasizmi qoldi? Yo‘q… yo‘q… Tangri haqqi uchun yo‘q!.. Sen kuchsiz emassan, sen kimsasiz emassan! Ey Ulug‘ Turon, arslonlar o‘lkasi! Qayg‘urma! Eski davlating, eski saltanating, eski yigitlaring, eski arslonlaring hammasi bor, hech biri yo‘qolmamishdir. Yolg‘iz… Oh, yolg‘iz… tarqalmishdir”.

Buyuk ajdodimiz to‘g‘ri ilg‘agan: chindan ham tarqalmish holatiga tushgandik. Yo‘qolmish emas! Bor narsa esa, hech qachon yo‘qolmas. Uni tiriltirmoq, tiriltirmoq uchun esa uyg‘otmoq kerak. Shu ma’noda, o‘sha ispancha grip jilovlanib, biroq boshqa bir falokat – bolsheviklar hukmronligi o‘rnatilganidan ko‘p ham o‘tmay, 1923 yil ko‘klamida Munavvarqori Abdurashidxon yuragidan otilib chiqqan mana bu haqiqat e’tiborga loyiqdir: “Bir vaqtlar Ovropa vahshiy ekan, biz madaniy edik…So‘ngralari Ovropa xalqi maorif va madaniyat yo‘lida ishladi. Bu holga yetishdi. Biz tushdek uxladik, ishlamadik, bu holga yetishdik. Bu kungacha Ovropa xalqi osmonga uchar ekan, bizda soch va soqol nizolari, ovropaliklar dengiz ostida suzar ekan, bizda uzun va kalta kiyim janjallari, Ovropa shaharlari bugun elektr bilan isitilur va yoritilur ekan, bizda maktablarda jo‘g‘rofiya va tibbiyotni o‘qitish-o‘qitmaslik ixtiloflari…davom etdi”.

Uzoq asrlar ichra tushdek uxlaganimiz rost. Ulug‘ va tengsiz tarixiy taraqqiyot yo‘liga ega bo‘la turib, nega bu ko‘yga tushib qoldik? Millat va davlat bo‘lib o‘zimiz uchun kurashish qobiliyatini yo‘qotganimiz uchun shunday bo‘ldi. Shu o‘rinda, 2019 yilning so‘nggi kunlarida Abdulla Qodiriy nomidagi ijod maktabi va muzeyining ochilishida Prezidentimiz aytgan mana fikrlarni yodga solgan bo‘lardik: Biz yo‘limizni to‘g‘ri oldik. Qanday jarayonni (!) boshdan kechirayotganimizni hali ko‘pchiligimiz sezayotganimiz yo‘q. Jadid bobolarimizga o‘xshab, barcha narsadan voz kechib millat, xalq, yurtning ertasi uchun kurashga tayyormizmi, biz nima uchun bu kunlarga kelib qoldik degan savol hammamizni qiynashi kerak.

Ushbu chuqur siyosiy va ma’naviy mag‘zga ega so‘zlarni tahlili quyidagi xulosaga turtki bo‘ladi: agar 2016 yil kuzida yo‘limizni to‘g‘ri tanlamaganmizda, ya’ni demokratiya, huquqiy davlat, fuqarolik jamiyati, inson haqlari va erkinliklari, rosmana bozor iqtisodiyoti, ochiq tashqi siyosatga asoslangan bosqichga dadil qadam qo‘yib, qanchalik og‘ir bo‘lmasin, keyingi yillarda hech bir og‘ishmay olg‘a bosmaganimizda, 2020 yilning favqulodda qiyinchiliklariga bardosh berishimiz amrimahol edi. Bundan chiqdi, o‘tib bo‘lgan yilda pandemiya bahona tug‘ilgan har tomonlama og‘ir vaziyat so‘nggi to‘rt yil ichida yaratilayotgan Yangi O‘zbekiston poydevorini sinovdan o‘tkazdi. Uning mustahkam ekanini avvalo o‘zimiz, qolaversa, butun jahon ko‘rdi.

Millatni asrash

Davlatimiz rahbarining tojli og‘uga qarshi kurash aslida millatni asrash uchun kurash ekani borasida qayta-qayta uqdirganlari ham bor gap. Masalaning aynan shu jihatiga urg‘u berayotganimiz bejiz emas. Chunki umumilliy miqyosdagi barcha og‘irliklarni xalqning nomidan xalqning bo‘yniga yuklash biz uchun, ming afsus, “an’ana” bo‘lib kelgan edi. “Majburiy mehnat”dek necha yuz yillik toqi la’natdan endi qutuldik. Nimaning hisobidan va qaysi kuch zvaziga bunga erisholdik? Yuragimizga millat qayg‘usi joylangani uchun shunday bo‘ldi.

Mohiyat e’tibori bilan olganda, Yangi O‘zbekistonni qurishdan muddao ham aslida millatni asrash va ro‘shnolikka chiqarish jarayonidir. So‘nggi yillar tajribasi millatni asrash uchun, avvalo, uning ulug‘lari va urug‘larini asrash lozimligini ko‘rsatdi. Bizga qolsa, 2020 yilni O‘zbekiston uchun tojli og‘u emas, Behbudiylar yili bo‘ldi, degan bo‘lardik Bu yerda gap so‘z o‘yinidagina emas (“behbudi” yaxshilikka boshlash, intilish, yaxshilanish, oyoqqa turishni bildiradi).

Zamondoshlari tomonidan Turkiston o‘lkasining boshlig‘i, yo‘lboshchisi maqomiga loyiq ko‘rilgan, millat uchun jonidan kechgan shaxsning o‘z o‘limidan yuz yil, avlodlari mustaqil bo‘lgach salkam o‘ttiz yildan keyin yuzaga chiqishi tarixiy adolatning tiklanishi sifatida baholanmog‘i darkordir. O‘tgan yilgi Murojaatnomada davlatimiz rahbari Mahmudxo‘ja Behbudiyning 145 yilligini keng nishonlash tashabbusini o‘rtaga tashlaganida bu ulug‘ zotning ruhi qanchalar quvongan ekan! Abdulla Avloniy, Mahmudxo‘ja Behbudiy va Munavvarqori Abdurashidxonov “Buyuk xizmatlari uchun” ordeni bilan siylanganlarida-chi!

Bunday o‘ylab qarasak, aziz boshlarini kundaga qo‘yish orqali o‘zbek uchun buyuk xizmatni chindan ham ular qilgan edilar. Shu ma’noda, milliy yetakchimizning, Abdulla Qodiriy qanday zamonda qahramonlik qilgan edi-yu, biz qanday davrda yashab turib o‘zimizni ko‘rsatishimiz kerak-ku, lekin qilmayapmiz, degan savolga har birimiz yuragimizdan javob berishimiz lozim, deb aytganlarini hech qachon yoddan chiqarmasligimiz kerak, deb sanaymiz. Haqiqatan ham, solishtirganda, zamonlar o‘rtasida yer bilan osmoncha farq bor: jadidlar so‘nggi to‘rt yuz yillik milliy mahdudlik, oxirgi ellik yillik mustamlakachilik asoratlari-yu istibdod va qaramlikning eng qabihini o‘rnatib bo‘lgan balsheviklar oyboltasi ostida kun kechirganlar. Biz esa, bugun erkinmiz-ku! Eng muhimi, jadidlar orzusini ro‘yobga chiqarish ishi Prezident, davlat siyostiga aylanganiga axir to‘rt yil bo‘ldi.

Miri kam dunyochilikning bu teskarichiligi sababi juda oddiy deb o‘ylaymiz. Asrdan asrga, avloddan-avlodga sifatimiz keta boshlagani, millatimiz va davlatimiz qaddini tik ko‘tarib, har qanday sinovlarga dosh berib kelgan o‘zagimiz – ilmu ma’rifatdan yuz o‘girganimiz uchun shunday bo‘ldik. Millatni asrash uchun unga zamonaviy va ilg‘or bilim hamda kasb-kor berish zaruratidan yuz o‘girganimiz uchun shunday bo‘ldik. Shu ma’noda, kishilik tarixidagi eng og‘ir, ayrim jihatlari bilan olganda, hatto fojialarga to‘la 2020 yilda turmushimizda yuz bergan ikki voqeaga diqqatni qaratgan bo‘lardik.

Maktabgacha ta’lim bilan qamrab olish darajasi 4 yil ichida 2 barobar ortib, aynan o‘tgan yili 60 foizga yetib, bog‘chalar soni esa 3barobarga ko‘paygan. Oliy ta’limga qabul ko‘rsatkichlari esa, 2016yilga nisbatan 2.5barobarga o‘sib, 9foizdan 25foizga yetgan. Butun dunyo jon talvasasi-yusuv-non falsafasi bilan band bir pallada bu shunchagi raqamlar emas, albatta. Balki eng og‘ir, vaj-korson qilinsa, vaziyat ko‘taradigan muhitda ham ilm-ma’rifat izlash yo‘lidan qaytilmaydi, deganidir.

Davlat mustaqilligimizni tiklaganimizga bag‘ishlangan har yilgi tantana aziz, biroq 29 yillikning o‘z o‘rni bor deb o‘ylaymiz. Gap mazkur bayram pandemiya davriga to‘g‘ri kelganida emas, balki milliy yetakchimiz tomonidan bilidirilgan mana bu tarixiy haqiqatdadir: “O‘zbekistonda yangi bir uyg‘onish – Uchinchi Renessans davriga poydevor yaratilmoqda, desak, ayni haqiqat bo‘ladi. Chunki bugungi O‘zbekiston – kechagi O‘zbekiston emas. bugungi xalqimiz ham kechagi xalq emas”.

Demak, oradan besh asrdan ko‘proq muddat o‘tib, biz o‘z o‘zanimizga qaytdik. Xuddi shu kuni temuriylardan so‘ng yo‘qlikka mubtalo qilingan, keyingi yarim ming yillik (!) azoblanishlarimiz, o‘zligimizni topishimizdagi sarson-sargardonliklarimiz davriga uzil-kesil nuqta qo‘yildi, deb ishonamiz. Negaki uzoq o‘tmish mobaynida ne-ne balolarga giriftor bo‘lgan millatimizni asrash va qayta oyoqqa turg‘azish ishi doimo uni uyg‘otish, o‘ziga ishontirish, ilmu ma’rifat bilan qurollantirishdan boshlanganini hech kim inkor etolmaydi.

Kuchli bo‘lish

2020 yilibutun dunyo tojli og‘u bilan kurashdi. Biz esa, ustiga-ustak Buxoro va Sardobada yuz bergan ko‘rgiliklarga ham dosh berishimizga to‘g‘ri keldi. Bulari-ku, mayli, ular bahona Yangi O‘zbekistonimizga yog‘dirilgan, 2016 yil kuzida boshlangan tarixiy bosqichni obro‘sizlantirish, bizni yana yalang‘ochlab eski tosga o‘tqazib, ustimizdan yana g‘aflat mag‘zavasini quyish orqali tabiiy va moddiy boyliklarimizni talash, chiqib bo‘lgan tilimizni kesish, ochilib bo‘lgan ko‘zimizni so‘qirlash, haqiqatni eshitishga o‘rganib borayotgan quloqlarimiz pardasini yirtib tashlash, ishga o‘rganib qolgan qo‘llarimizni kesish, oq bilan qorani ajratib olishni eplayotgan odamlarimizni yo‘ldan urish maqsadida qilingan urinishlar-chi?

Biroq ular kutgani bo‘lmadi, o‘zbek davlati va millatining emas, ularning rasvosi chiqdi. Murojaatnomadagi mana bu haqiqatlar esa, erkin inson, o‘z yo‘lini topib olgan xalq, yil qanday kelishidan qat’i nazar ko‘p narsaga qodir bo‘lishini isbotladi-qo‘ydi:o‘tib bo‘lgan yilda 197ta yirik, minglab kichik va o‘rta korxona, jumladan, “Navoiyazot”da ammiak va karbamid ishlab chiqarish majmuasi hamda azot kislotasi korxonasi, Muborak, Gazli va Sho‘rtan neft-gaz korxonalarida suyultirilgan gaz ishlab chiqarish qurilmalari, Toshkent metallurgiya korxonasi,2ta yangi metro bekati va ilk bor 18kilometrlik yer usti metrosi qurildi. Umumiy qiymati 2milliard dollarga teng 6ta yangi elektr stansiyasini barpo etish ishlari boshlanib, tadbirkorlik sub’ektlariga 100trillion so‘m yoki 2016 yilga nisbatan qariyb 4barobar ko‘p kredit ajratilgani ham qo‘shib mulohaza qilinsa, barchasi o‘z o‘rniga tushadi-qoladi.

Bular aytishga oson, amalda, hatto tinchlik, iqtisodiyot bir maromda rivojlanayotgan paytlarda ham har qanday davlatning qo‘lidan kelmaydigan marralardir. Shu ma’noda, ayrim atoqli mamlakatlarning tojli og‘u avjiga chiqqanda ham cheklovlar o‘rnatishdan voz kechganlarining asl sababi o‘z iqtisodiy imkonlarini yaxshi bilganlari bilan bog‘liqdir, desak oshirib yubormagan bo‘lamiz.

Eng muhimi, Murojaatnomada kelgusi yili ta’lim, ilm-fan, madaniyat, sog‘liqni saqlash, ijtimoiy himoya sohalarida bajarilishi lozim ishlar ko‘lami va sarf-harajatiga ko‘z tashlar ekanmiz, milliy iqtisodimiz imkonlarini chamalaymiz. 2020 yil sinovlaridan kuchli bo‘lib chiqqanimizga ishonamiz. Buyog‘iga bizdan nima talab qilinishini ham milliy yetakchimiz xalqchil qilib aytdilar-qo‘ydilar: “Xalqimizda “Ko‘z – qo‘rqoq, qo‘l – botir”, degan chuqur ma’noli ibora bor. bugungi sharoitda bizning ko‘zimiz ham, qo‘limiz ham, yuragimiz ham botir bo‘lishi kerak. Belimizni mahkam bog‘lab, pok niyat bilan mehnat qilsak, shubhasiz, ko‘zlagan marralarimizga erishamiz”.

Azamat Ziyo,

tarix fanlari doktori, professor