Sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari E.Basitxonova Samarqand viloyatida aholiga birlamchi tibbiy xizmat ko‘rsatish borasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdi.

Joylarda tibbiy xizmat sifatini oshirish, aholi salomatligini mustahkamlash joriy yildagi eng muhim vazifalardan biri hisoblanadi. Davlatimiz rahbarining Oliy Majlisga Murojaatnomasida bu boradagi ustuvor yo‘nalishlar belgilab berildi. Jumladan, tibbiyotning birlamchi bo‘g‘inini kuchaytirish, ayniqsa, qishloq va mahallalarda tibbiy xizmatni sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarish zarurligi ta’kidlandi. Prezidentimiz raisligida 2020 yil 6 noyabr kuni o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida ham bu borada mutasaddilarga zarur vazifalar topshirilgandi. Shundan kelib chiqib, butun respublika bo‘yicha olib borilayotgan ishlarni monitoring qilish, hududiy ijro vakillariga uslubiy yordam ko‘rsatish maqsadida Sog‘liqni saqlash vazirining barcha o‘rinbosarlari hududlariga biriktirildi. Jumladan, E.Basitxonova Samarqand viloyatiga biriktirilgan.

– O‘rganishlar davomida birlamchi tizimda olib borilayotgan ishlarga alohida e’tibor qaratyapmiz – deydi E.Basitxonova. – Birlamchi tizimda bugungi kunda aholini xatolovdan o‘tkazish bo‘yicha belgilangan ishlar davom etmoqda. Xatlov jarayonlarini amalga oshirishdagi eng muhim jihatlarni hududiy vakillarga tushuntirdik. Bu boradagi ishlar tizimli ravishda monitoring qilib boriladi.

Vazir o‘rinbosari birlamchi bo‘g‘indagi ishlarning borishini Samarqand shahridagi 4-oilaviy poliklinika faoliyati bilan tanishishdan boshladi. Poliklinikada aholini xatlovdan o‘tkazish bo‘yicha tashkil qilingan birlamchi tibbiy-sanitariya yordami faoliyatini tashkillashtirish va muvofiqlashtirish shtabi ishini kuzatish jarayonida yo‘l qo‘yilayotgan kamchiliklarni bartaraf etish, alohida e’tibor qaratish lozim bo‘lgan jihatlar mutasaddilarga tushuntirildi.

– Poliklinikamiz hududdagi 25 mahallaning 48 mingga yaqin aholisiga tibbiy xizmat ko‘rsatadi, – deydi 4-oilaviy poliklinika bosh vrachi To‘lqin Suvonov. – Bugunga kelib, muassasamizda umumiy amaliyot shifokorlari o‘rnida oilaviy shifokorlar faoliyati yo‘lga qo‘yildi va har bir mahallaga bir nafardan oliaviy shifokor hamda ikki nafardan hamshira biriktirildi. Yaqin kunlarda hamshiralar soni yana uch nafarga oshadi. Ayni paytda aholini xatlovdan o‘tkazish jarayoni davom etmoqda. Bunda aholi to‘rt guruhga ajratilmoqda. Birinchisi, sog‘lom guruh, ikkinchisi xavf guruhi, uchinchisi dispanser nazoratida turgan guruh, to‘rtinchisi doimiy ravishda nazoratga olingan guruh hisoblanadi. bugungi kungacha 78 foiz aholi xatlovdan o‘tkazildi. Xatlov jarayonida aholi o‘rtasida ortiqcha vazn, gipertoniya, noto‘g‘ri ovqatlanish oqibatidagi oshqozon-ichak kasalliklari ko‘pligi aniqlandi. Bu aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib qilish lozimligini talab etadi.

Sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari Kattaqo‘rg‘on shahri va Ishtixon tumanlarida ham bo‘lib, aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmat sifati bilan bilan tanishdi. Xizmat sifatini oshirish, aholi salomatligini mustahkamlash bo‘yicha zarur tavsiyalarni berdi.

 

G‘.HASANOV, A.ISROILOV (surat), O‘zA