Pandemiya jahon miqyosida ko‘chmas mulk va avtomobil bozorlariga salbiy jihatdan sezilarli ta’sir ko‘rsatdi. Tabiiyki, bu ta’sir O‘zbekistonni ham chetlab o‘tmadi.

Iqtisodchilarning fikricha, ko‘chmas mulk va avtomobil bozorlaridagi talabning o‘zgarishi iqtisodiy tiklanishning asosiy ko‘rsatkichlaridan biri hisoblanadi, chunki uzoq muddat ishlatiladigan tovarlarga bo‘lgan talab iste’molchilar kayfiyatini aks ettiradi.

Pandemiyaning mamlakatimiz ko‘chmas mulk va avtomobil bozorlariga ta’siri to‘g‘risida Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi bosh ilmiy xodimi Xalilulloh Hamidov O‘zA muxbiriga quyidagilarni so‘zlab berdi.

– Koronavirus infeksiyasining tarqalishi bilan bog‘liq karantin cheklovlari joriy etilgunga qadar respublikamiz ko‘chmas mulk bozorida talab har oyda o‘rtacha 6-7 foizga oshib borgan. Toshkent shahri va viloyati ko‘chmas mulk bozorlaridagi savdolar umumiy bozor hajmining 40-45 foizini tashkil etgan.

Aprel oyidan boshlab butun mamlakat bo‘ylab lokdaun joriy qilindi, bu esa ko‘chmas mulkka bo‘lgan talabning 2019 yilning shu davriga nisbatan 87,1 foiz kamayishiga olib keldi. May va iyun oylarida respublika bo‘yicha ko‘chmas mulk oldi-sotdisi bo‘yicha rasmiylashtirilgan shartnomalar soni mos ravishda 25,9 foiz va 135,2 foizga yuqoriladi. Qisqa vaqt ichida savdo operatsiyalarining sezilarli darajada o‘sib ketishi bir tomondan, doimiy ro‘yxatga olish tartibining soddalashtirilishi, ikkinchi tomondan, may oyidan boshlab karantin choralarining bosqichma-bosqich yumshatilishi bilan izohlanadi.

Ta’kidlash lozimki, Prezidentimizning 2020 yil 22 apreldagi «Doimiy propiska qilish hamda turgan joyi bo‘yicha hisobga olish tartibini isloh qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoni bilan may oyida 2019 yil tegishli davriga nisbatan ko‘chmas mulk oldi-sotdi shartnomalari soni o‘sdi. Ayniqsa, o‘sish Toshkent shahrida 148,7 foiz, Toshkent viloyatida 26,5 foizga yetdi, iyun oyida ushbu ko‘rsatkich mos ravishda 257,5 foiz va 190,7 foizni tashkil etdi. Shunisi qiziqarliki, aynan shu davrda ko‘chmas mulk savdosining o‘sishi Toshkent shahri va viloyatidagi uylarning narxlariga deyarli ta’sir qilmadi. Bu, ilgari boshqa shaxslar nomiga rasmiylashtirilgan uylarning haqiqiy egalari nomiga o‘tkazilishi bilan izohlanadi.

2020 yilning sentyabriga kelib, ko‘chmas mulk bozorida talab yana o‘zining uzoq muddatli trendiga qaytdi. Xususan, sentyabr oyida ko‘chmas mulk oldi-sotdilari soni o‘tgan oyga nisbatan 24,2 foiz, oktyabr oyida 1,7 foiz, noyabr oyida 0,5 foiz va dekabr oyida 20,9 foizga oshdi.

Odatda, respublikada birlamchi va ikkilamchi bozorlarda avtomobil savdosining oylik o‘sishi o‘rtacha 2-3 foizni tashkil etadi. 2020 yilning mart oyi o‘rtalaridan qat’iy karantin tartibi joriy etilishi natijasida mart oyida ro‘yxatga olingan va qayta ro‘yxatga olingan avtomobillar soni 2019 yilning shu davriga nisbatan 17,3 foiz (o‘tgan oyga nisbatan 34,6 foiz), aprel oyida esa 73,8 foiz (63,1 foiz)ga kamaydi.

May oyidan boshlab avtomobil bozoridagi vaziyat yana tiklana boshladi. Xususan, iyun oyida avtomobil savdosi 2019 yilning shu davriga nisbatan 14,8 foizga oshdi. Lekin 10 iyuldan 15 avgustgacha karantin qayta joriy etilishi natijasida iyul oyida avtomobil bozoridagi faoliyat may-iyun oylariga nisbatan biroz sekinlashdi. Xususan, mazkur oyda ro‘yxatga olingan avtomobillar soni 2019 yilning iyul oyiga nisbatan 20,2 foizga kamaydi. Shunday bo‘lsa-da, avgust oyida avtomobil savdosi hajmi 2019 yilning mos davriga nisbatan 3,8 foiz o‘sdi (o‘tgan oyga nisbatan 54,3).

Sentyabr-oktyabr oylarida ham avtomobil bozorida talab o‘sishda davom etdi. Sentyabr oyidagi savdolar oldingi oyga nisbatan 0,5 foizga oshdi. Oktyabr oyida o‘sish sur’ati sentyabr oyiga nisbatan 2 foizni tashkil etdi. Noyabr-dekabr oylarida bu ko‘rsatkich o‘tgan oyga nisbatan biroz pasaydi. Biroq 2019 yil bilan taqqoslaganda, savdolar hajmi noyabr oyida 9 foiz va dekabrda 10 foizga oshdi.

Umuman olganda, 2020 yilda avtomobil savdosi hajmi 2019 yilga nisbatan 2,5 foizga kamaydi. Bu mart, aprel va iyul oylarida avtomobil savdosining keskin pasayishi bilan izohlanadi.

Shunga qaramasdan, 2020 yil avgust oyiga kelib ko‘chmas mulk va avtomobil bozorlaridagi vaziyat o‘zining uzoq muddatli trendiga qaytgani aholi talabining tiklanib borayotganligini ko‘rsatmoqda.

Shahnoza MAMATUROPOVA, O‘zA