Davlatimiz rahbari Oliy Majlisga yo‘llagan Murojaatnomada energetika sohasini rivojlantirish masalalariga alohida to‘xtalib, mazkur yo‘nalishda amalga oshiriladigan loyiha va rejalarni birma-bir sanab o‘tdi.

Xususan, iqtisodiy faollik va aholi daromadlari o‘sgani sayin energiya resurslariga bo‘lgan talab ortib borishi, neft-gaz va energetika sohalaridagi islohotlarni va boshlangan yirik loyihalarni yakuniga yetkazish lozimligi ta’kidlandi.

Prezidentimiz 2021 yilda davlat va xususiy elektr stansiyalari hamda iste’molchilar o‘rtasida elektr energiyasi ulgurji bozori shakllantirilishi, birgina energetika sohasida xorijiy investorlar bilan davlat-xususiy sheriklik asosida 6 ta yangi elektr stansiyasini barpo etish ishlari boshlanganini misol tariqasida keltirib o‘tdi.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Sanoat, qurilish va savdo masalalari qo‘mitasi tomonidan tashkil etilgan fraksiyalararo munozarada energetika sohasida istiqbolda belgilangan vazifalarga to‘xtalib o‘tildi.

Hozirgi kunga kelib elektr energetikasi sohasida o‘nga yaqin xalqaro hamkorlar bilan qiymati 2 milliard dollardan ortiq bo‘lgan shartnomalar imzolangan. Ushbu shartnomalar doirasida Navoiy, Samarqand, Sirdaryo hamda Toshkent viloyatlarida fotoelektr quyosh elektr stansiyasi, bug‘-gaz elektr stansiyasi va shamol elektr stansiyalari loyihalarini amalga oshirish ko‘zda tutilgan.

Shuningdek, generatsiya quvvatlarini oshirishda e’lon qilingan tanlovlar bo‘yicha Xalqaro moliya korporatsiyasi va Osiyo taraqqiyot bankining texnik ko‘magida Samarqand, Jizzax va Surxondaryo viloyatlarida umumiy quvvati 600 MVt va qiymati 535 million dollar bo‘lgan quyosh fotoelektr stansiyalarini qurish bo‘yicha tender savdolari davom etmoqda. Rejaga ko‘ra, stansiyalar 2023 yilning birinchi yarmidan to‘liq quvvatda ishlashni boshlaydi va yillik 1,05-1,240 milliard kVt soat qo‘shimcha elektr energiyasi ishlab chiqaradi.

Tadbirda gaz ta’minoti masalalari ham deputatlar e’tiborida bo‘ldi. Gaz ta’minoti sohasini tubdan takomillashtirish va sohani xalqaro biznes yuritish standartlari darajasiga olib chiqish maqsadida OTB xalqaro konsultanti – Arild Dyrseth (Norvegiya) bilan birgalikda “O‘ztransgaz” AJning Korporativ transformatsiya rejasi va Islohotlar “Yo‘l xaritasi” hamda tabiiy gaz bozorini tashkil etish bo‘yicha taklifi ishlab chiqilgan.

Unga ko‘ra, “O‘ztransgaz” AJni gaz uzatish tizimining yagona operatoriga aylantirish va gaz ta’minoti bozorida erkin raqobat muhitini yaratib, barcha ishtirokchilar (ishlab chiqaruvchi, yirik iste’molchilar, treyderlar) ishtirok eta oladigan Tabiiy gaz birjasini joriy etish ko‘zda tutilmoqda.

Shuningdek, Murojaatnomadan kelib chiqqan holda 2021 yil 1 aprelga qadar xaridlar va boshqaruv tizimlarini auditdan o‘tkazish hamda “muvofiqlik tizimi” (komplayens) va korrupsiyaga qarshi xizmatlarni shakllantirishni nazarda tutadigan zamonaviy korporativ boshqaruv tizimi joriy etiladi. Moliyaviy sog‘lomlashtirish, operatsion samaradorlikni oshirish, 3 yillik biznes-reja hamda o‘rta va uzoq muddatli rivojlanish strategiyasi nufuzli xalqaro konsalting tashkilotlari bilan hamkorlikda ishlab chiqiladi.

Bundan tashqari, tashkiliy samaradorlikni oshirish va jarayonlarni optimallashtirish maqsadida xalqaro amaliyotga muvofiq, “O‘ztransgaz” AJ gaz uzatish tizimining bosqichma-bosqich sof operatoriga aylantiriladi.

Tadbirda ta’kidlanganidek, ishlab chiqaruvchi va importyorlar birja orqali tabiiy gazni sotish va ulgurji iste’molchilar tabiiy gazni sotib olish huquqiga ega bo‘ladi. “O‘ztransgaz” AJ esa faqat gaz transportirovkasi bilan shug‘ullanadi.

Deputatlar bunga erishish uchun bir qancha bozor mexanizmlarini nazarda tutuvchi chora-tadbirlarni amalga oshirish lozimligiga e’tibor qaratdi. Xususan, sohaga oid normativ-huquqiy hujjatlarni takomillashtirish yuzasidan qator takliflar bildirildi.

Energetika sohasida kelgusida amalga oshiriladigan ishlar bir qarashda bu tizimda umuman muammo qoldirmaydigandek. Ammo yil yakunida, ya’ni qish mavsumi boshlanishi bilan yana o‘sha eski hammom, eski tos. Qishloqlarda gaz yo‘q, elektr energiyasini ham soat sanab berishadi. Uylar sovuq. Cinfxonalar sovuqligidan bolalarning maktabga borishga yuragi betlamaydi.

Nurillo NASRIEV, O‘zA