Ijtimoiy tarmoqlarda Namangan shahrida joylashgan gaz to‘ldirish shoxobchalarining birida yoshi katta fuqaro vafot etgani haqida xabarlar tarqaldi.

Namangan viloyat prokuraturasining ma’lum qilishicha, hodisa haqida 10 yanvarga o‘tar kechasi soat 01:30 da xabar kelib tushgan.

«Kosonsoy tumani «Obodon» mahallasida yashagan I.J. «Jiguli» mashinasiga metan gaz quyish uchun Namangan shahar «Yuksalish» mahallasidagi «Namangan suyuqgaz» kompaniyasi gaz quyish shoxobchasiga kelib, mashinasini surib harakatlantirib kelayotgan vaqtida to‘satdan asfalt yo‘lakka chap yuz sohasi bilan yiqilib, urilishi oqibatida chap yuz sohasi va bosh miya chap sohasidan olgan tan jarohati natijasida hodisa joyida vafot etgan», – deyiladi xabarda.

Dastlabki tibbiy ma’lumotnomada marhum I.J. tez yordam bo‘limi yetib kelgan vaqtda vafot etib bo‘lganligi, yuz sohasida shilinish jarohatlari borligi, tanasida tan jarohatlari yo‘qligi ma’lum qilingan. Hozirda I.J.ning vafot etganligi holati o‘rganib chiqilmoqda.

Kosonsoy tuman hokimligi axborot xizmatining aniqlik kiritishicha, I.J. 67 yoshda, kasbi mexanik, to‘rt o‘g‘il va bir qizning otasi edi. Marhumning janozasi 10 yanvar kuni asr namozidan so‘ng o‘qilgan.