14 yanvar – O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganligining 29 yilligi hamda Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan Temurbeklar maktabida Milliy gvardiya tarkibiy va hududiy bo‘linmalari o‘rtasida ingliz tili viktorinasining respublika bosqichi bo‘lib o‘tdi.

Viktorinada 9 ta jamoa «Tanishtiruv», «Savol-javob», “Sardorlar bahsi” shartlari asosida bellashdi.

Jamoalar ishi Milliy gvardiya qo‘mondonligi vakillari, O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti o‘qituvchilardan tashkil topgan hakamlar hay’ati tomonidan baholab borildi.

Yakuniy natijalarga ko‘ra, 3-o‘rinni Milliy gvardiya Toshkent shahar boshqarmasining “Guardians” jamoasi, 2-o‘rinni Milliy gvardiya Respublika ixtisoslashtirilgan musiqa akademik litseyining “Perfect generation” jamoasi va faxrli 1-o‘rinni Milliy gvardiya Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasining “Jayxun” jamoasi qo‘lga kiritdi.

Shuningdek, “Guardian lions” jamoasi ishtirokchisi Mirzayev G‘ayrat “Eng yaxshi ishtirokchi” nominatsiyasiga loyiq ko‘rildi.

Barcha g‘olib va sovrindorlar Milliy gvardiya qo‘mondonligi tomonidan maxsus diplom va esdalik sovg‘alar bilan taqdirlandi.

O‘zA