O‘zAning “Yil tanlovi – 2020” tadbirida pandemiya davrida halok bo‘lgan shifokorlar – “Yil qahramonlari” deb e’tirof etildi.

Mukofot Sog‘liqni saqlash vazirining birinchi o‘rinbosari Amrillo Inoyatova topshirildi.

bugungi kunda butun insoniyat koronavirus pandemiyasi degan global ofatni boshidan o‘tkazmoqda. Dunyoning 191 mamlakatida 81 million kishi koronavirus bilan kasallangan. Ulardan 1,7 milliondan ziyodi vafot etgan.

Bu ofat O‘zbekistonni ham chetlab o‘tmadi. 2020 yil yil xalqimiz uchun og‘ir sinovli yil bo‘ldi.

Mamlakatimizda pandemiyaga qarshi kurashish uchun 200 mingdan ziyod tibbiyot xodimi, jumladan, chet ellik 150 nafar yuqori malakali shifokor va mutaxassislar jalb etildi.

Afsuski, koronavirusdan vafot etgan yurtdoshlarimiz qatorida tibbiyot xodimlari ham bor.

E’tirofga loyiq jihati shundaki, shunday og‘ir vaziyatda tibbiyot xodimlari o‘z kasbiga sodiq qolib, burchlarini sharaf bilan bajardi va bu jarayon davom etmoqda. Oylab uyiga, oilasi davrasiga bora olmay shofoxonalarda qolgan, kunni tunga ulab zahmat chekkan shifokorlarimizning har biri qahramon, aslida.

Lekin o‘z vazifasini bajarayotib, dardga chalingan, odamlarga qalqon bo‘laman deb qurbon bo‘lganlarni endi topib bo‘lmaydi. Ularning yaqinlarining, jigargo‘shalarining ayriliq azobini yuvib tashlash chorasiz. Shu jihatdan koronavirus tufayli qurbon bo‘lgan tibbiyot xodimlari ikki karra qahramon. Ularni yodga olish, xotirasiga hurmat bajo keltirish esa – eng adolatli ish.

O‘tganlarning oxirati obod bo‘lsin!

N.Abduraimova, O‘zA