O‘zbekiston Milliy axborot agentligi – O‘zAning “Yil tanlovi – 2020” tadbiri davom etmoqda.

Tadbirda “Yil yangiligi” nomanatsiyasiga munosib ishni amalga oshirgan tashkilot aniqlandi.

Propiska tizimining isloh qilingani – “Yil yangiligi” sifatida e’tirof etildi.

Mukofot O‘zbekiston respublikasi Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari Rustam Xotamovga topshirildi.

Qayd qilib o‘tish kerakki, 2020 yilda Toshkent shahri va Toshkent viloyatida ko‘chmas mulkka ega bo‘lish uchun bu hududlarda doimiy ro‘yxatda bo‘lish talabi bekor bo‘ldi.

Qo‘shimcha qulayliklar yaratish maqsadida fuqarolarga nafaqat birinchi va ikkinchi darajadagi qarindoshlari yashab turgan manzilga, balki ularning egaligida bo‘lgan uy-joy maydoniga ham doimiy ro‘yxatga turish imkoniyati yaratildi.

O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini doimiy yashash va vaqtincha turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatga olish bilan bog‘liq ishlar idoralararo elektron hamkorlik orqali “yagona darcha” tamoyili asosida Ichki ishlar vazirligining “Manzil” dasturi vositasida amalga oshirish yo‘lga qo‘yildi.

Fuqaro doimiy yashash va vaqtincha turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatga olinganida QR-CODE bilan himoyalangan qayd varag‘i berish amaliyoti joriy etildi. Ushbu tartibga asosan pasportlarga shtamp bosish tartibi bekor qilindi.

Aynan shu yangiliklar o‘tgan yilda fuqarolarni yillar mobaynida qiynab kelayotgan muammolar yechim bo‘ldi, muhimi bu yurtdoshlarimizning xursandchiligiga, e’tirofiga sazovor bo‘ldi.

 

N.Abdurimova, O‘zA