Germaniyaning GQ nashri ekspertlari iste’mol qilinganda umrni qisqartiradigan oziq-ovqatlarni ma’lum qildi.

Ro‘yxat boshidan shirin ichimliklar, masalan, gazli yoki shirin ta’m qo‘shilgan ichimliklar joy egalladi. Ta’kidlanishicha, ularda ingrediyentlar deyarli yo‘q. Faqat sanoatda qo‘llaniladigan qo‘shimchalar mavjud.

Zararli oziq-ovqatlarning ikkinchi guruhiga konfetlar, shokolad, shirin kulchalar, pechene va boshqa shirinliklar kiritilgan. Ularni BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) ham o‘ta chuqur qayta ishlanadigan oziq-ovqatlar turiga kiritgan edi.

Germaniyalik ekspertlarning fikricha, muzqaymoq ham zararli oziq-ovqat hisoblanar ekan. Biroq ushbu shirinlikdan yuz o‘girishdan oldin uning tarkibiga e’tibor qaratish lozim, deydi. Agar muzqaymoq yangi tabiiy sutdan emas quruq sutdan tayyorlangan bo‘lsa, demak qarshingizda o‘ta chuqur qayta ishlangan shirinlik turibdi.

Ro‘yxatdagi eng zararli oziq-ovqatlarning navbatdagisi turli burgerlar va tez tayyorlanadigan taomlar ekan. Ta’kidlanishicha, agar ular tabiiy ingrediyentlardan tayyorlangan bo‘lsa, sog‘liq uchun xavf tug‘dirmaydi. Biroq tez tayyorlanadigan taomlarga qo‘llaniladigan qo‘shimchalar burgerlarni o‘ta chuqur qayta ishlangan oziq-ovqatga aylantiradi. Maqola muallifi, umuman, tez tayyorlanadigan taomlardan voz kechishga chaqiradi.

Beshinchi zararli oziq-ovqat – qayta ishlangan go‘sht, deyishmoqda ekspertlar. Bu yerda gap asosan, turli kolbasalar, dudlangan va tuzlangan go‘shtlar haqida bormoqda. Ekspertlarning maslahatiga ko‘ra, go‘sht xarid qilishda uning sifatiga alohida e’tibor qaratish zarur.

Inson sog‘lig‘iga ziyon keltiradigan oziq-ovqatlar ro‘yxatining oxirida muzlatilgan yarim tayyor yeguliklar kiritilgan. Ularni iste’mol qilishdan oldin mikroto‘lqinli pechda isitishga to‘g‘ri keladi. Bu ayniqsa tayyor pitssalarga tegishli.

Bulardan tashqari, mutaxassislar zararli oziq-ovqatlar ro‘yxatiga konservalangan meva-sabzavotlarni ham kiritishgan, ayniqsa, sirop holida saqlanayotgani, deydi ular.

Germaniyalik ekspertlarning yuqorida keltirilgan oziq-ovqatlari aslida, odamlarning kundalik taomlanish tarziga kirib bo‘lgan. Ulardan voz kechish amrimahol. Lekin hammasi me’yorida bo‘lsa yaxshi-da. Harholda tabiiy mahsulotlardan tayyorlangan taomlarni tanovul qilganga nima yetsin.

Saidmurod Rahimov tayyorladi,

O‘zA