Andijon viloyati Adliya boshqarmasining 2020 yil davomidagi faoliyati hamda joriy yil rejalariga bag‘ishlangan matbuot anjumani o‘tkazildi.

Ommaviy axborot vositalari vakillari, boshqarma mutasaddilari ishtirok etgan tadbirda mamlakatimizda adliya tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar, qonun ustuvorligini ta’minlash, fuqarolarning huquq va manfaatlarini himoya qilish borasida keng ko‘lamli ishlar olib borilayotganligi ta’kidlandi.

Anjumanda Andijon viloyati adliya boshqarmasi va uning tuman, shahar tizimlarida o‘tgan 2020 yil davomida amalga oshirilgan ishlar haqida keng ma’lumotlar berildi.

– Boshqarma va uning tuman, shahar bo‘limlariga 2020 yilda 4 ming 271 ta murojaatlar kelib tushgan, – deydi viloyat adliya boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Otabek Bozorov. – Murojaatlarning 3 ming 865 tasi hal etildi. Xususan, 2 ming 800 ta murojaat qanoatlantirildi, 1 ming 65 ta murojaat bo‘yicha murojaat qiluvchilarga huquqiy tushunchalar berildi.

Qanoatlantirilgan murojaatlar asosida turli idoralarga 285 ta taqdimnoma, sudlarga 24,5 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ni undirib berish bo‘yicha 480 ta da’vo arizasi, 45 ta ma’muriy taklif kiritildi.

Boshqarma va tuman, shahar bo‘limlari tomonidan joriy yilning o‘tgan davrida 287 marta o‘rganishlar o‘tkazildi. O‘rganishlar davomida 30 ming 571 ta qonunbuzilish holatlari aniqlandi.

Tahlillarga ko‘ra, sog‘liqni saqlash, xalq ta’limi, yer kadastr, yo‘l qurilish, hokimliklar hamda davlat xaridlari tizimlarida eng ko‘p qonunbuzilish holatlariga yo‘l qo‘yilgan.

Mutaxassislar tomonidan qonunbuzilish holatlarini bartaraf etish yuzasidan turli tashkilotlarga 1 ming 295 ta taqdimnoma kiritildi. Ana shu taqdimnomalar asosida fuqarolarga 7 milliard 689 million so‘m miqdoridagi mablag‘ qaytarildi. Shuningdek, 76 ta hujjat ijrosi to‘xtatildi, 33 ta hujjat ijrosi bekor qilindi, 14 nafar mansabdor, 489 nafar mas’ul shaxs xatti-harakatlari bo‘yicha intizomiy javobgarlikka tortildi, ularning 21 nafari vazifasidan ozod etildi.

Anjumanda yakunlangan yil davomida tuman, shahar hokimlarining noqonuniy qabul qilingan 46 ta qarori bekor qilinganligi, umuman, qonunbuzilish holatlari yuzaschidan kiritilgan barcha taqdimnomalar ijrosini ta’minlash bo‘yicha zarur choralar ko‘rilganligi aytib o‘tildi.

Shuningdek, boshqarma, tuman, shahar bo‘limlari tomonidan Intellektual mulk sohasida huquqbuzarliklarni aniqlash va oldini olish masalasiga alohida e’tibor qaratilganligi, korxonalar, muassasalar va tashkilotlarda intellektual mulk ob’ektlarini huquqiy muhofazasini ta’minlash, maslahat berish va ko‘maklashish bo‘yicha 30 dan ortiq tadbirlar o‘tkazilganligi qayd etildi.

Matbuot anjumanida ommaviy axborot vositalari vakillari o‘zlarini qiziqtirgan barcha savollarga batafsil javob oldi.

Faxriddin UBAYDULLAEV,  Zuhriddin UMURZOQOV (surat), O‘zA